18:25 / 28.11.2016
5117

Xatamjon Ketmonov o‘qish uchun shartnoma pullarini to‘layotgan korxonalarni rag‘batlantirish lozimligini aytdi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 28 noyabr kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A.Qirg‘izboyev ochdi.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Toshmatov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.

Sirdaryo viloyati o‘zining yuqori iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati, geografik joylashuvi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida o‘ziga xos muhim o‘rin tutadi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida mustaqillik yillarida viloyatda ana shu salohiyatni yanada oshirish yo‘lida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Viloyatda yalpi hududiy mahsulot 2010 yildan buyon 1,6 barobar oshdi, keyingi besh yilda uning tarkibida sanoat mahsulotlari 1,6 marta o‘sdi. Bu borada ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali katta ahamiyat kasb etayotir.

O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikning katta qiziqishiga sabab bo‘ladigan masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishdan avval ushbu masalalar yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvlari o‘tkazishning majburiyligini belgilash, “Keksalarimiz uchun munosib pensiya ta'minoti!”, “Biz keksalarimizning farovon hayoti uchun mas'ulmiz!” shiorlari negizida mamlakatimiz ravnaqi, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga ozod va obod Vatan qoldirish borasidagi ishlarga o‘z hissasini qo‘shgan keksa avlodning turmush sharoitini yanada yaxshilash g‘oyasi ilgari surilgan.

O‘qish uchun shartnoma pullarini to‘lashga qiynalayotgan kam ta'minlangan oilalar farzandlarining shartnoma pullarini to‘layotgan korxonalarni, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag‘batlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.

Uchrashuvda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo tumani kengashi raisi M.Ahmedov, partiya Guliston tumani kengashi raisi M.Mamatkarimova, Sirdaryo tumani xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri o‘rinbosari Sh.Yo‘ldosheva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz kelajagini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Mavzuga oid
Top