11:30 / 29.11.2016
4723

"Formula-1" jamoalaridan biri o‘z poygachisiga haqiqiy poyga mashinasini sovg‘a qildi

Foto: Motor.ru

"Formula-1" jamoalaridan biri Williams o‘zining poygachisi Felipe Massaga u Braziliya Gran-prisida ishtirok etgan FW38 poyga bolidini sovg‘a qildi. Bu haqda jamoa rahbari Kler Uilyams "Formula-1"dagi faoliyatini yakunlagan braziliyalik poygachi sharafiga Abu-Dabidagi Gran-Pri saralash poygasidan keyin uyushtirilgan xayrlashuv kechasida ma'lum qildi. 

Braziliyadagi "Interlagos" trekidagi poyga Massa uchun oxirgi uy bosqichi bo‘lgandi. Uning bolidi Williams’ning bosh homiysi Martini kompaniyasining poygachi sharafiga maxsus tayyorlangan logotipi hamda orqa aksqanotga portugalcha "Rahmat" deb tushirilgan yozuv bilan bezaldi. Braziliyadagi poygada Massa yomg‘ir sharoitida xatoga yo‘l qo‘yib, mashinani shikastlagandi.

Massa "Formula-1"dan ketishini sentabrda e'lon qilgandi. Uning faoliyatidagi oxirgi va umumiy hisob bo‘yicha 250-poygasi Abu-dabi Gran-prisi bo‘ldi. U poygani 9-o‘rinda, umumiy hisobda 53 ochko bilan mavsumni 11-o‘rinda yakunladi.

Poygachi o‘z faoliyatini 2002 yilda "Sauber" jamoasida boshlagan. 4 yildan keyin u Ferrari jamoasiga o‘tgan va mavsum yakuniga ko‘ra 3-o‘rinni egallagan. 2008 yilda esa vitse-chempion bo‘lgan. U o‘zining oxirgi jamoasiga 2014 yilda o‘tgan. Poygachi jamoa uchun eng yaxshi ko‘rsatkichiga 2015 yilgi mavsumda erishgan: u mavsum yakuniga ko‘ra 6-o‘rinni egallagan.

Top