18:00 / 30.11.2016
17783

Shov-shuv: inson embriologiyasining 3D-xaritasi yaratildi

Amsterdam universiteti olimlari yangi hayotning paydo bo‘lishi va rivojlanishini ko‘rish imkonini beruvchi loyiha ustidagi ishlarini yakunlashdi. Bu dunyodagi ilk interfaol embriologiya 3D-xaritasi yordamida amalga oshiriladi.

Atlas ustida 75 kishi ishlagan bo‘lib, ular 15 mingdan ortiq to‘qima va a'zolarni tahlildan o‘tkazishdi. Barcha namunalar Karnegi universiteti mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan. Natijada 0-60 kunlik yoshdagi 14 turli model yaratildi.

Olingan xarita yordamida embrionda turli genetik kasalliklarning rivojlanishini kuzatish mumkin. Loyiha ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Bernadett de Bakkerning so‘zlariga ko‘ra, olimlar insonning dunyoga kelishidan ko‘ra Oy haqida ko‘proq ma'lumotga egalar. “Hattoki ko‘plab zamonaviy kitoblarda 1930 yillarda olingan ma'lumotlar asosida qilingan embrion tasvirlari ishlatiladi. Yangi qo‘llanmalar eski illyustratsiyalar bilan chiqib, faqatgina yangi matnli ma'lumot qo‘shiladi. Ilmiy adabiyotda insonning rivojlanishi aksariyat hollarda sichqon yoki jo‘janing rivoji bilan o‘xshatilib hikoya qilinadi. Bu esa haqiqatga mos kelmaydi”, - dedi olim.

Yangi ilmiy qo‘llanma erkin foydalanishga chiqarildi. Bunda barcha istovchi xarita tuzilmasi bilan tanishib chiqib, taqdim etilgan videoni ham tomosha qilishi mumkin. Atlas yordamida insonning turli a'zolari va tizimlari qanday paydo bo‘lishiga oydinlik kiritilgan.

Top