15:04 / 01.12.2016
9019

“Damas” o‘g‘risi qo‘lga tushdi

Foto: © Fotolia

Ibrohimbek kuni bo‘yi pul izlab, ovora bo‘ldi. Yangi yil arafasi, hamma o‘z tashvishi bilan band. Pul topolmay, asabi taranglashdi. O‘zi, birovning “Damas”ini ijaraga olib, kirakashlik qilib yurgandi. Nima bo‘ldi-yu yo‘l nazoratchilari uni to‘xtatib, hujjatlari joyida bo‘lmaganligi uchun mashinani jarima maydonchasiga qo‘yishdi. Eng kam ish haqining o‘n barobari miqdorida jarima to‘lashi kerak ekan. Endi jarimani to‘lashi, mashinani olib chiqib, pul ishlashi kerak. Ijara puli ham oz emas... Ibrohimbek chora izlab, kechasi yana ko‘chaga chiqdi. Xayol bilan bo‘lib vaqt yarim tundan o‘tib ketganini ham sezmay qoldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Yo‘ldan o‘tayotgan oq rangli “Damas”ga qo‘l ko‘tarib, to‘xtatdi. Haydovchi mashinada yolg‘iz ekan. Ibrohimbek orqa eshikni ochib, “Lagandi qishlog‘iga borib kelaylik, oilamni olib kelishim kerak edi”, degan edi, haydovchi yo‘lkira uchun 20 ming so‘m so‘radi. Ibrohimbek unga pulning bir qismini uzatib, qolganini qaytganlarida berishini bildirdi.

Yo‘lga tushishdi. Ibrohimbek xayoliga kelgan rejasini pishitish bilan band edi. Tallikuron qishlog‘idagi chorrahaga yetganda Ibrohimbek mashinani chapga burishni buyurdi. Bir muddat yurishgach, haydovchi “Lagandi bu tomonda emas-ku”, deb qoldi. Hamon o‘z xayoli bilan band bo‘lgan Ibrohimbek chaynalganicha, adashganini aytdi. Ortga qaytishdi. Kasbi yo‘lidan ketishdi. Kollej binosidan o‘tib, Lagandining ichki ko‘chasi bo‘ylab biroz yurib, chapga burilishdi. Ibrohimbek o‘zicha yo‘l ko‘rsatib bordi.

Nihoyat Ibrohimbek haydovchidan ko‘chaning oxirida mashinani to‘xtatib, biroz kutib turishni so‘radi. Mashinadan tushib, u yoq-bu yoqni aylanib kelgach, haydovchiga “Pochcham mast bo‘lib, opamni uribdi. Iltimos, menga yordam bering, men kelganimni bilsa, qochib ketadi”, dedi. Haydovchi shoshgancha “Damas”dan tushayotganida mashinani o‘chirmasligini tayinladi. So‘ng unga qaysi tomondan borishini ayti-yu, o‘zi devor ortiga yashirindi.

Haydovchi mijozning yarim tundagi iltimosini yerda qoldirmay, yo‘lakchadan uy tomon ketayotgandi, mashinasining eshigi ochilib-yopilganini, chiroqlari yoqilib, yurib ketganligini ko‘rdi-yu, orqasiga yugurdi. Ammo uning “hay-hay”lashi befoyda edi. “Damas” bir zumda qorong‘ilik qo‘yniga g‘oyib bo‘ldi...

Haydovchi biroz o‘ylab turgandan keyin akasiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zi esa qorong‘i qishloq ko‘chalari bo‘ylab katta yo‘lga oshiqdi. Akasi yetib kelgach, uning mashinasida shu atrofdagi ko‘chalarni qarab chiqishdi. “Damas” yer yutganday izsiz yo‘qolgandi. Oxiri ichki ishlar bo‘limiga xabar berishga majbur bo‘lishdi...

Ibrohimbek mashinani momosining Arabxona mahallasidagi uyi tomon haydadi. Momosi va bobosining Yakkabog‘ tumaniga ketishganini bilardi. Darvozani ochib, “o‘lja”ni hovliga kiritdi. Tunning qolgan qismini mashinada o‘tkazdi. 

Ertasiga ko‘chaga chiqdi. O‘tkir aka degan kishining ustaxonasiga bordi. U yerda tanishi Laziz ishlardi. Uni topib, bir chekkaga olib chiqdi va “Damas” mashinasini olib qochganini, uni ehtiyot qismlariga ajratishda yordam berishini so‘radi. Lazizning rangi o‘chib, uning taklifini rad qildi. Ammo Ibrohimbek hol-joniga qo‘ymagach, u bilan Arabxonaga jo‘nadi. Yo‘lda bozorga kirib, ijaraga “bolgarka” ham olishdi.

O‘sha kuni “Damas” bir uyum temir-tersakka aylandi. Ibrohimbek Lazizga mashinani “maydalab” bergani uchun 200 ming so‘m berdi. Ehtiyot qismlardan bir qismini sotib, jarimani to‘ladi va o‘zi ijaraga olib haydagan “Damas”ni olib chiqdi. Unga “o‘lja” mashinaning metan balloni va rul kolonkasini o‘rnatdi.

Yangi yil bayrami o‘tgach, Ibrohimbek yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun ijara “Damas”i yana jarima maydonchasiga qaytdi. Bu safar “xarajat”lar uchun “o‘lja” shinalar sotildi. So‘ng navbat eshiklarga yetdi...

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tadbirlari nihoyat o‘z samarasini berdi. Mashina o‘g‘risi aniqlanib, tergov harakatlari boshlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining hukmi bilan Ibrohimbek Ibragimov Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 4 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jabrlanuvchiga “Damas”ning 53 turdagi, jami 19 mln. so‘mlik ehtiyot qismi tilxat orqali qaytarilganligi qayd etilib, qolgan 10 mln. so‘m zarar ham undan undiriladigan bo‘ldi.

Top