19:16 / 01.12.2016
5812

Turkiya Rossiya uchun viza cheklovlarini butunlay bekor qilmoqchi

Foto: TASS

Turkiya Rossiya federatsiyasi bilan viza cheklovlari bekor qilinishini istaydi. TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘lining Alaniyada bo‘lib o‘tgan Rossiya va Turkiya delegatsiyalari qo‘shma majlisida ma'lum qilishicha, Turkiya ikki mamlakat fuqarolari bir-birining hududida ichki pasportlar bilan harakatlanishini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ma'qullaydi.

"Bizda munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar mavjud. Biz Rossiya bilan viza cheklovlari butunlay yechilishini va fuqarolarimiz bu davlatga safarlari davomida ichki pasportlardan foydalanishiga erishishni istaymiz", - degan u.

Chovusho‘g‘lining fikricha, "munosabatlardagi inqiroz haqida gapirishni bas qilish va o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish ustida ishlash lozim".

"2023 yilgacha biz o‘zaro tovar aylanmsi hajmi 100-milliard dollarga yetishini mo‘ljallaganmiz. Biz shu yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz. Savdo sohasidagi cheklovlarni bekor qilib Rossiya muhim qadam tashladi", degan vazir.

U Rossiya Turkiyada bir qator "strategik loyihalar", xususan "Akkuyu" AESini qurish loyihasini amalga oshirayotganini ta'kidlagan.

Rossiya va Turkiya hukumatlari o‘rtasidagi "Akkuyu" maydonida (Turkiya janubidagi Mersin shahri) hamkorlikda atom elektr stansiyasini qurish va ishga tushirish to‘g‘risidagi shartnoma 2010 yilda imzolangan edi.

Bu AES 2022 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgandi.

2015 yil noyabridagi voqealardan keyin (Su-24 urib tushirilishi) Rossiya Turkiyada AES qurishni to‘xtatdi.

Faqat 2016 yil avgustiga kelib Rossiya va Turkiya "Turk oqimi" gaz quvuri va "Akkuyu" AESi qurilishini tiklashga kelishib oldi.

Top