12:44 / 03.12.2016
4587

Ispaniya nashrlaridan birida mamlakatimiz Prezident saylovi to‘g‘risida maqola chop etildi

Ispaniyaning DIARIOYa kundalik ijtimoiy-siyosiy gazetasi “O‘zbekiston Prezident saylovini o‘tkazish arafasida” sarlavhali maqola chop etdi.

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik haqida ispan jamoatchiligini tanishtirishga bag‘ishlangan maqola O‘zbekistonning mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlari e'tirofi bilan boshlanadi.

“So‘nggi chorak asr davomida O‘zbekiston Respublikasi keng ko‘lamli muvaffaqiyatlarga - jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot va siyosiy barqarorlikka erishdi, - deb yozadi DIARIOYa. - Dunyo iqtisodiyotida qalqib turish holati hamon kuzatilayotganiga qaramay, ushbu yosh davlat iqtisodiyotida o‘sish qator yillar davomida 8 foizdan oshib kelmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston - dunyoning eng barqaror davlatlaridan biri hamdir”.

Maqola davomida davlat rahbari lavozimiga bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlari haqida so‘z yuritilar ekan, Ispaniya gazetasi mamlakatimiz saylov qonunchiligining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib, o‘quvchilar e'tiborini uning xalqaro andozalarga to‘la mos ekaniga qaratadi.

“Prezident saylovi demokratik tamoyillar asosida, transparentlik va muqobillik ruhida o‘tadi. Saylovchilar O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq  demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlardan biriga ovoz berish imkoniyatiga egalar. Har bir nomzod saylovchilarga mamlakat kelajagini yaratish bo‘yicha o‘z qarashlarini taklif etadi”, deyiladi maqolada.

DIARIOYa saylov jarayonlarini muvofiqlashtiradigan va saylov qonunchiligi ijrosini nazorat qiladigan O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining faoliyati va uning mustaqil konstitutsiyaviy maqomiga alohida e'tibor qaratadi.

Nashrning xulosasiga ko‘ra, saylovning ochiqligi darajasi va uning demokratik asosda o‘tkazilishini ovoz berish jarayonini monitoring qilishga  to‘laqonli missiyasini yuborishga qaror qilgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilarining O‘zbekistonda hozir bo‘lishganini  ham tasdiqlaydi.

Manba: jahonnews.uz

Top