12:55 / 03.12.2016
5937

Prezident saylovi Tailandda chuqur muhokama qilinmoqda

Tailandning Srinakarinvirot universitetida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Bangkokda 1949-yilda tashkil topgan Srinakarinvirot universiteti Tailand hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqasining eng yetakchi oliy o‘quv dargohlaridan biri sanaladi. Bugungi kunda 25 mingdan ziyod talaba tahsil oladigan mazkur universitet pedagogika, tibbiyot, farmatsevtika, muhandislik, iqtisod, siyosatshunoslik, yangi texnologiyalar va turizm sohalariga mutaxassislar yetishtirib beradi.

Tadbir chog‘ida yig‘ilganlarga mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlikning borishi, milliy saylov tizimining o‘ziga xos jihatlari, me'yoriy-huquqiy asoslar, yuksak davlat rahbari lavozimiga nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Shu bilan birga, uchrashuv qatnashchilari mamlakatimizning barcha sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari hamda butun dunyoda e'tirof etilgan taraqqiyotning o‘zbek modeli tamoyillari bilan tanishdilar.

Seminar doirasida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlari, shuningdek, bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga bag‘ishlangan stend tashkil etildi.

Srinakarinvirot universitetining xalqaro masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Prit Supasetsiri O‘zbekiston haqidagi foydali ma'lumotlar uchun tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorligini bildirdi hamda mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

Shuningdek, P.Supasetsiri o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari va atoqli olimlarining dunyo ilm-fani tamadduniga qo‘shgan beqiyos ulushini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning saylov qonunchiligi umume'tirof etilgan demokratik me'yorlar va andozalarga to‘la mos kelishini ta'kidlar ekan, mamlakatimiz xalqiga Prezident saylovini muvaffaqiyatli o‘tkazishda omad tiladi.

Manba: jahonnews.uz

Mavzuga oid
Top