21:47 / 04.12.2016
9882

Boshqalar boshiga og‘ir kulfat keltirish hisobiga yashab kelgan ayol jazoga tortildi

Foto: ZN.ua

Mirzacho‘llik Ulbo‘sin Abdurahmonova hech qayerda ishlamasdan, boshqalar boshiga og‘ir kulfat keltirish hisobiga yashab kelganligi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolardan kelgan arizalar bo‘yicha olib borilgan surishtiruv-tergov jarayonida ma'lum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Huquq” gazetasi.

Achinarlisi, uning bu “kasb” ortidan pul topayotganligini onasi Qarshigul Abdurahmonova ham, turmush o‘rtog‘i Sunnatullo Absamatov ham yaxshi bilsa-da, uni bu yo‘ldan qaytarishmagan. Aksincha, ular ham Ulbo‘sin bilan hamkorlik qilishgan.

Ulbo‘sin o‘z jinoyatini puxta reja asosida amalga oshirgan. Avval u odamlar orasida “Qozog‘iston Respublikasida qarindoshlarim bor, ular yaxshi haq to‘lanadigan ish topib berishadi”, deb gap tarqatadi. To‘g‘ri, bugungi kunda odam savdosi haqidagi xabarlarni eshitib, ko‘pchilikning ko‘zi ochilgan. Lekin Ulbo‘singa o‘xshagan “dallollar”ning yolg‘on va'dalariga uchganlar ham topildi.

Dastlab u qo‘ygan tuzoqqa mirzacho‘llik A.Achilov, J.Turonov, Sh.Turonov, D.Meliboyev, F.O‘rinboyev, Sh.Ergashevlar tushishdi. Ulbo‘sin ularga Qozog‘istonda oyiga 300-400 AQSh dollariga teng miqdordagi ish haqi va'da qildi. Sodda odamlarning uning va'dalariga ishonishdi.

Sirdaryo viloyati orqali chegaradan o‘tkazib yuborilgan mirzacho‘lliklarni Ulbo‘sinning “qarindoshlari” – Jibek va Qayratlar kutib olishdi. Ular O‘zbekiston fuqarolarining pasportlarini vaqtinchalik hisobga qo‘yish va federal migratsiya kartasi ochtirish bahonasida yig‘ib olishdi. O‘zlari bilan hech qanday shartnoma tuzmay, besh oy majburlab ishlatishdi.

Ulbo‘sin birinchi ishidan ilhomlanib, jinoiy faoliyatini yanada kengaytirdi. U onasi Qarshigul va turmush o‘rtog‘i Sunnatullo bilan bu safar I.Parmanov, B.Musayev, A.Mamarahimovlarni to‘riga tushirdi. Ular ham qop-qop va'dalar berib, eski yo‘nalish bo‘yicha qo‘shni respublikaga o‘tkazib yubordi. Odam savdosining qurboni bo‘lgan bu fuqarolar ham Jibek va Qayratlar uchun tekin mehnat qilishdi, xo‘rlik azoblarini boshlaridan o‘tkazishdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, ularning hamqishloqlari J.O‘rmonov, J.Bozorov, S.Yuldashev va Z.Meliboyev ham aldovlarga uchishdi. Afsuski, ular o‘sha damda boshlariga ne-ne savdolar tushishidan bexabar edilar. Ulbo‘sin bu yurtdoshlarining boshiga ham avvalgi jabrdiydalar kulfati solinishiga sababchi bo‘ldi.

Har qanday aldovning ham chek-chegarasi bo‘ladi. U.Abdurahmonova boshchiligidagi jinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining majlisida mazkur ish ko‘rib chiqilib, aybdorlarga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.

Top