00:57 / 05.12.2016
66578

Nexia avtomobilini ishlab chiqarish rasman to‘xtatildi

Foto: olx

O‘zbekistonning “xalq mashinasi”ga aylangan Daewoo Nexia modelining uzoq davom etgan tarixi 2016 yilda yakunlandi. Bu haqda GM Uzbekistan matbuot xizmatiga asoslangan holda Wroom.ru sayti xabar qilmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu avtomobil avgust oyidayoq ishlab chiqarishdan olingan. 

Model Koreya respublikasi bilan Asakada tashkil etilgan qo‘shma korxonada 1996 yildan ishlab chiqarila boshlangan edi. Janubiy Koreyaning o‘zida avtomobilni 1997 yildan yig‘ish to‘xtatilgandi. Buning o‘rniga bu mashina O‘zbekistonda yig‘ildi va xalq ishonchiga sazovor bo‘ldi. 

Nexia bir necha yil mobaynida 75 ot kuchiga ega 1,5 litr hajmli dvigatel bilan jihozlandi. Ammo, 2003 yildan modelning 1,5 litrli, 85 ot kuchiga ega yangi namunasi paydo bo‘ldi. 

2008 yilda Britaniyaning Concept Group injiniring kompaniyasi bilan birgalikda restayling qilingan namunasi taqdim etildi. "Neksiya"ning yorug‘lik chiroqlari, bamperi, old uskunalar paneli, asboblar kombinatsiyasi yangilandi. Mashinaga ikki xil: 4 silindr (8 klapan)li, 1,5 litrli va 80 ot kuchiga ega SOHC dvigatel hamda 4 silindr (16 klapan)li, 1,6 litrli va 109 ot kuchiga ega DOHC motori o‘rnatildi. 

Shunday qilib, 2016 yil avgust oyidan boshlab, GM Uzbekistan matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu mashina yig‘ilishi to‘xtatilgan: avgust oxirida mashinaning oxirgi nusxalari ishlab chiqarilgan. Endilikda, uning nomini avvalgi avloddagi Chevrolet Aveo sedani negizida ishlab chiqiladigan "Ravon Nexia" modelida ishlatishga qaror qilingan.

Top