Mali markazidagi Niono shahrida joylashgan qamoqxonaga noma'lum kishilar guruhi, taxminlarga ko‘ra, jangarilar hujum qilishdi va u yerdagi barcha mahbuslarni ozod qilib yuborishdi. Bu haqda mamlakat armiyasi vakili Dyarrana Kone ma'lumotiga asoslanib, “Reyter” agentligi xabar bermoqda.
Hujum 5 dekabr kuni kechki mahal uyushtirilgan. Qamoqxonada qancha mahbus saqlanganiga oydinlik kiritilmagan.
Malidagi inqiroz 2011 yilda Liviyada Muammar Kaddafiyning ag‘darilishi bilan bog‘liq. O‘shanda u yerdan tuareg qabilasidan bo‘lgan qochqinlar Maliga kirib kelishgan edi. Mamlakatning shimoliy qismida joylashgan qabila vakillari u yerda Azavad mustaqil davlatini tuzishdi. Keyinroq ular o‘rniga ekstremistlar keldi.