16:38 / 06.12.2016
6644

S guruhi. Navbatchi o‘yinlar anonsi

YeChL guruh bosqichiga qur'a tashlash marosimidan keyin eng qiziqarli o‘tishi kerak deya baholangan S guruhi bu ishonchni qaysidir ma'noda oqladi. Gollarga boy, qiziqarli uchrashuvlar ko‘p bo‘ldi. Faqat 5-turgacha. Tribuna.Uz so‘nggi turda hech qanday masala hal bo‘lmaydigan guruh uchrashuvlarini yodingizga solib o‘tadi.

S guruhi

BARSeLONA - BORUSSIYa M (00:45, Match! Igra)
Bosh hakam: 
Sergey Karasyov (Rossiya)

Yuqorida eslaganimiz kabi bu uchrashuv amalda hech narsani hal qilmaydi. Natija na mezbonlar va na mehmonlarning turnir jadvalidagi o‘rniga o‘rniga ta'sir ko‘rsatadi. Faqatgina g‘alaba uchun UYeFA to‘laydigan summa orqali byudjyetni boyitib olish imkoniyatini berishi mumkin.

«Barselona» o‘tgan hafta davomida YeChL haqida umuman o‘ylagani yo‘q. «El-klasiko»da maydonga tushgan kataloniyaliklar so‘nggi daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol evaziga ikki ochkoni boy berib qo‘yishdi. La ligadagi 14 turdan keyin jamoa azaliy raqibidan 6 ochko ortda qolmoqda. «Borussiya» esa mehmonda dahshatli darajada yomon futbol ko‘rsatishda davom etmoqda. Dortmundda 1:4 hisobida boy berilgan o‘yin bilan qo‘shib hisoblaganda Andre Shubert shogirdlari ketma-ket sakkizinchi uchrashuvda mehmondan g‘alabasiz qaytishdi.

«Barselona»da jarohatlanganlarning deyarli barchasi safga qaytdi. Birgina Jyeremi Matyo jamoa lazaretida qolmoqda. Lekin o‘yinning ahamiyati yuqori bo‘lmagani bois, Madrid bilan o‘yinda biroz lat yegan Neymarning ham bu uchrashuvda o‘ynamasligi oldindan ma'lum bo‘ldi. Shuningdek o‘yinda Ivan Rakitichni ham ko‘rmaysiz. «Borussiya»da esa Ibraima Traore, Mamadu Dukur va Patrik Hermann jarohati sabab o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Lars Shtindl esa diskvalifikatsiya muddatini o‘tashi kerak.

MANCheSTeR SITI – SeLTIK (00:45)
Bosh hakam: 
Slavko Vinchich (Sloveniya)

Birinchi o‘yin kirish qismidagi matnni bu yerga shunchaki ko‘chirib o‘qib olishingiz mumkin. Bu o‘yinning ahamiyati ham nazorat-sinov uchrashuvi bilan teng deyish mumkin.

«Manchester Siti» o‘tgan haftani juda yomon kayfiyatda yakunladi. «Chelsi»ga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozonib turgan jamoa oxirida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. «Seltik» esa o‘zi alohida dunyo bo‘lgan premer-ligasida «Mazeruell» mehmoni bo‘lib gollarga boy bo‘lgan o‘yinni (4:3) o‘z foydasiga hal qildi.

Fernandino haqiqiy mehnat ta'tiliga chiqdi deyish mumkin. O‘tgan hafta APLning keyingi 3 uchrashuvida o‘ynay olmasligi ma'lum bo‘lgan futbolchi undan oldinroq YeChL guruh bosqichining so‘nggi turini o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lgandi. Jarohati sabab Rahim Sterling va Vensan Kompani ham bu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi. O‘yinning ahamiyatiga qarab yana bir qator asosiy tarkib futbolilariga dam berilsa ajab emas. «Seltik»da esa Skott Sinkleyr jarohati sabab o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Top