14:07 / 07.12.2016
19781

Xanti-Mansidagi YTH oqibatida bir o‘zbekistonlik halok bo‘lgan

4 dekabr kuni Rossiyaning Xanti-Mansi muxtor okrugida ro‘y bergan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida 12 kishi halok bo‘lib, 22 kishi jabrlangandi. O‘zbekiston FVV bergan ma'lumotga ko‘ra, ushbu YTH oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar bor.

Aniqlik kiritilishicha, qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarosi Ergasheva Zulfiya Sarvar qizi (2001 yil tug‘ilgan) bor. Uning singlisi (u ham 2001 yilda tug‘ilgan) Gavhar esa og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiya tomoni bilan marhumning tanasini O‘zbekistonga olib kelish jarayoni hal qilinmoqda. 

O‘zbekiston FVV va boshqa tegishli vazirliklar qurbonning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda.

4 dekabr kuni okrug hududida, Xanti-Mansiysk–Tyumen trassasining 926-kilometrida avtobus va yuk mashinasi ishtirokida YTH ro‘y berdi. Avtobusda sport akrobatikasi bo‘yicha bolalar jamoasi ishtirokchilari Xanti-Mansiyskdan Nefteyuganskka qaytayotgan edi.

Jabrlanganlar Xanti-Mansiyskdagi okrug klinik shifoxonasida qolmoqda.

Top