19:29 / 07.12.2016
6928

Marokash qirg‘oqlari yaqinida bortida muhojirlar bo‘lgan kema cho‘kib ketdi

Foto: © AFP

Marokashdan Ispaniya qirg‘oqlariga yo‘l olgan hamda bortida 43 muhojir bo‘lgan kema cho‘kib ketdi. Buning oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lib, bir necha inson bedarak yo‘qolgan, deb xabar bergan “Chegaralardan o‘tib” jamoat tashkiloti.

Ta'kidlanishicha, 30 kishi qutqarib qolingan.

Tashkilot faollaridan biri Elena Malenoning so‘zlariga ko‘ra, u kemada bo‘lgan bir qator kishilar bilan telefon orqali aloqada bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, qayiq Marokashning Al-Hoseym (mamlakat shimoli) shahridan uncha uzoq bo‘lmagan yerda cho‘kib ketgan. Qayiqning tagi tushib ketib, bortda bo‘lgan insonlarning ko‘pchiligi unga tirmashib olganlar.

"Hozircha biz 30 kishi omon qolganini tasdiqlashimiz mumkin. To‘rt insonning jasadi o‘likxonada", - deya yozdi Maleno o‘zining Twitter’dagi sahifasida. Aytilishicha, Senegal, Kamerun, Gvineya fuqarolari halok bo‘lgan.

Ayni damda Marokash qirollik jandarmeriyasi dengizda kishilarni izlash bilan band. Yomon ob-havo sharoitlari sabab kimnidir tirik holda topish dargumon bo‘lib turibdi.
 

Mavzuga oid
Top