16:32 / 07.12.2016
11486

Washington Times: Donald Tramp va yangi mudofaa vaziri o‘rtasida jiddiy mojaro yuz berishi mumkin

Foto: Reuters

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp va u tomonidan mudofaa vaziri lavozimiga taklif etilgan Jyeyms Mettis Rossiya prezidenti Vladimir Putin tufayli o‘zaro bahsga kirishishlari mumkin. Ularning har ikkisi ham “Rossiya prezidentiga nisbatan bir-biridan keskin farq qiluvchi qarashga ega”. Bu haqda Amerikaning The Washington Times nashri xabar berdi.
 
Maqolada aytilishicha, Rossiya bilan munosabatlarni qay yo‘sinda olib borish turli siyosiy bahslarga sabab bo‘lishi mumkin.

Donald Tramp Vladimir Putinni ko‘p hollarda maqtab, unda kuchli yetakchini ko‘rishi haqida aytib o‘tgan. Dengiz piyoda qo‘shinlari generali Jyeyms Mettis esa jahonga eng katta xavf “aynan Rossiyadan keladi”, degan fikrda.

Shuningdek, yangi mudofaa vaziri Rossiya bilan vaziyat ancha jiddiy ekanini ham ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, general Vladimir Putinning harakatlarini “ahmoqona” deb baholab, “barcha qoidalarni buzishi” haqida ham aytib o‘tgan. Mettis Kreml AQShga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Shu bilan bir qatorda, Amerikaning yangi prezidenti Donald Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasida Rossiya bilan yaqinlashishga tayyor ekani haqida bir necha bora ma'lum qilgan. 

Bir necha xalqaro siyosatshunoslarning fikricha, Amerika elitasidagi parchalanish ancha avval boshlangan bo‘lib, jarayon Trampning g‘alabasidan so‘ng yaqqol namoyon bo‘lgan.

Top