10:05 / 08.12.2016
21679

Konstitutsiya - huquq, huquq esa mustaqillikdir

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovdan o‘zbek xalqiga nihoyatda ulkan moddiy, madaniy, ma'naviy, ilmiy va huquqiy meros sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoldi.

Bosh Qomus O‘zbekistonda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, ma'naviy sohalardagi ulkan o‘zgarish va yangilanishlar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, aholi turmush farovonligini yuksaltirishning huquqiy asosi va ishonch¬li kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Har tomonlama jahon andozalariga, xalqaro me'yorlar, demokratik tamoyillarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi uzoq muddatli izlanishlar, bahs-munozaralar, muhokama va tahrirlarning mevasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘sha payt¬dagi qonun chiqaruvchi hokimiyat — O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining 1990 yil martda bo‘lib o‘tgan sessiyasida Islom Karimovning tashabbusi bilan Asosiy Qonunga o‘zgartish kiritilgan va Prezident boshqaruvini joriy etish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandi.

Oliy Kengashning o‘sha yili iyunda bo‘lib o‘tgan ikkinchi sessiyasida bu xususda bir qarorga kelindi va Respublika Prezidenti Islom Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya komissiyasi tuzildi. Komissiya tarkibiga viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari, davlat va jamoat arboblari, ijodkor ziyolilar, olimlar, iqtisodiyotning turli sohalari mutaxassislari kiritildi. 

Oliy Kengashning 1992 yil 8 dekabrda bo‘lib o‘tgan sessiyasida 128 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
«Uning loyihasi ustida ikki yil davomida ishladik, — degan edi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti o‘sha majlisdagi ma'ruzasida, — u ikki yarim oy mobaynida xalq muhokamasidan o‘tdi, xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boyitildi, sayqal topdi».

Huquq qo‘lga kiritilgach, mustaqil bo‘lgach, o‘zbek xalqi murakkab globallashuv sharoitida dunyo ahli bilan baravar qadam tashlashga qodir millatga aylandi.

O‘zbekistonning jahon miqyosida nufuzi ortdi, shon-shuhrati yuksaldi, mustaqillikning siyosiy va iqtisodiy negizi mustahkamlandi.

Top