Odessa viloyatining sobiq rahbari Mixail Saakashvili Ukrainada hukumat tepasiga kelgach, soliqlarni kamaytirishi, amaldorlarning yarmidan ko'pini ishdan bo'shatishi va davlat korxonalarini sotib yuborishini ma`lum qildi.

"Hukumatimiz birinchi uch oy davomida soliqlarni 60 foizga, davlat amaldorlari sonini ikki barobarga kamaytiradi. Men buni qanday qilib amalga oshirishni bilaman. Biz siyosiy sinfni o'zgartirishimiz va davlat korxonalarini sotib yuborishimiz lozim", - degan sobiq viloyat rahbari.

Uning aniqlik kiritishicha, davlat boshqaruvining samara keltirmasligi tufayli hukumat bir necha yirik zavodlarga xaridor topa olmayapti hamda hukumatdagi amaldorlar xorijiy sarmoyadorlardan pora talab qilishadi. "Hozir istalgan kishi vazirlar mahkamasiga xuddi do'konga kirgandek kiradi", - deya ta`kidlab o'tdi u.

Ma`lumot uchun, Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili noyabr boshlarida Odessa viloyati gubernatori lavozimini tark etishi haqida ma`lum qilgandi. Shu bilan bir qatorda, u hukumatni keskin tanqid qildi. Saakashvili prezident va mamlakatning boshqa rahbarlarini korrupsiya va shaxsiy boylik orttirishda ayblagan. Shuningdek, siyosatchi Yuqori radaga yangi saylovlarni o'tkazish va hukumatni almashtirishga harakat qilishini ham aytib o'tdi.