17:36 / 09.12.2016
6664

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun o‘z faoliyati davomida nimalarga erishdi?

Foto: TASC

BMT XK yaqin kunlarda tashkilotning Bosh kotibi Pan Gi Munning faoliyati davomida xizmatlarini e'tirof etish maqsadida maxsus rezolyutsiyani qabul qilishni rejalashtirmoqda. XK saytida joylashtirilgan ishlar rejasiga ko‘ra, hujjat bo‘yicha ovoz berish jarayoni 72 yoshli Pan Gi Mun o‘z lavozimini tark etishidan ikki yarim hafta avval, 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. U 2007 yil birinchi yanvaridan eng yirik xalqaro tuzilma Bosh kotibligi vazifasini bajarishga kirishgan edi. Shu munosabat bilan, RIA Novosti axborot agentligi BMT Bosh kotibining faoliyatiga nazar solishga uringan. 

Diplomatlarning ma'lumotlariga ko‘ra, XK rezolyutsiyasida Pan Gi Munning o‘z vazifasini bajarishdagi ilgari surgan siyosiy va diplomatik tashabbuslari aks etadi. 

Xususan, Barqaror taraqqiyot dasturi, o‘tgan oyda kuchga kirgan Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi shular jumlasidan. Bundan tashqari, hujjat loyihasida ta'kidlanishicha, Pan Gi Mun ayollar huquqlari, gender tengligi uchun kurashgani va BMTni isloh qilish borasida sa'y-harakatlar qilgani qayd etilgan. 

Garchi, tanqidchilar Pan Gi Mun tomonidan ilgari surilgan va yiliga 4,5 trln dollar mablag‘ talab qiladigan Barqaror taraqqiyot dasturini to‘liq amalga oshirish imkonsizligini ta'kidlashsa-da, xalqaro hamjamiyat kuchlarini birlashtirish o‘z samaralarini bera boshladi. 

Jumladan, BMT ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 25 yilda bolalar o‘limi 2 martaga qisqargan, sayyora aholisining 1 mlrddan ortig‘i qashshoqlik balosini unutgan. Shunga qaramay, 900 mln atrofidagi inson qashshoqlikka yaqin sharoitda kun kechirmoqda. 

Iqlim o‘zgarishlari va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha imzolangan Parij bitimi eng tez sur'atda kuchga kirgan xalqaro shartnoma sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi. 

Pan Gi Mun boshqaruvi vaqtida, albatta, ko‘ngilsizliklar ham bo‘lib turdi. Xususan, Bosh kotib 2010 yil Haitida yuz bergan dahshatli zilziladan so‘ng, vabo tarqalishida ayblangan tashkilot tinchlikparvar kuchlarining mas'uliyatsizligi uchun uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. Albatta, Bosh kotib ayblovlarni rad etgan holda kechirim so‘radi. 

Bundan tashqari, BMT rahbari tinchlikparvar kuchlarning Markaziy Afrika Respublikasidagi faoliyati uchun ham uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi. Bu yerda faoliyat yuritgan tinchlikparvar kuchlar harbiylari ayollar, jumladan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuzkorlikda ayblandi. Mahalliy aholidan yuzdan ortiq ariza kelib tushdi. 

Shuningdek, Janubiy Sudandagi xalqaro kuchlarning faoliyatidagi nuqsonlar sababli ham tashkilot keskin tanqid qilinmoqda. BMT o‘tkazgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi 14 ming nafar "moviy kaska"lilar tinch aholi vakillarini zo‘ravonliklardan asray olishmagan. 

Ma'lumki, Pan Gi Mun o‘z vakolatini topshirganidan so‘ng, uning o‘rnini Portugaliyaning sobiq bosh vaziri, 67 yoshli Antoniu Guterrish egallaydi. U 2017 yil 1 yanvaridan boshlab, rasman BMTning yangi Bosh kotibi bo‘ladi. 

 

Top