15:20 / 09.12.2016
5800

"Fukusima-1" halokati oqibatlarini bartaraf qilish xarajatlari oshdi

Foto: AP

Yaponiyaning "Fukusima-1" AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf qilish xarajatlari hamda jabrlanganlar uchun  kompensatsiya to‘lovlari avvalgi hisob-kitoblar bilan solishtirganda ikki barobarga oshadi va 21,5 trillion iyenni (joriy kurs bo‘yicha 189,5 milliard dollar) tashkil qiladi. Bu haqida Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligining bugun chop etilgan hisobotida ma'lum qilindi. 

Idora baholariga ko‘ra, 8 trillion iyen (70,5 milliard dollar) reaktorlarni to‘liq ekspluatatsiyadan chiqarish va halokat oqibatlarini bartaraf qilishga sarflanadi. Halokat natijasida jabrlangan va evakuatsiya qilingan kishilarga ham taxminan xuddi shunday summa to‘lanadi. Qolgan mablag‘lar tuproqni zararsizlantirish va radioaktiv chiqindilarni saqlovchi inshootlar qurilishiga sarflanadi. 

Yapon hukumatining rejasiga ko‘ra, zarur xarajatlarni nafaqat "Fukusima-1" AES operatori Tokyo Electric Power, balki boshqa, nisbatan mayda energokompaniyalar ham qoplaydi. 

"Fukusima-1" AES halokati 2011 yilning mart oyida sodir bo‘lgan. O‘shanda sunami elektr ta'minoti va sovutish tizimini ishdan chiqargan. 

Top