20:15 / 09.12.2016
7824

Tojikistonda eronliklar qo‘mitasi faoliyati taqiqlandi

Tojikistonda sud Imom Humayniy nomidagi "Imdod" qo‘mitasi vakolatxonasini yopdi. Bu qaror Adliya vazirligi da'vosi asosida chiqarilgan. Bu haqda Assoshieyted Press xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, Dushanbe shahridagi Ismoil Somoni tumani sudi Adliya vazirligining Tojikistonda Eronning "Imdod" qo‘mitasi faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha bergan da'vosini qondirgan. Manba bu borada qo‘shimcha ma'lumot bermagan.

Shu yilning 27 iyulida Tojikiston Adliya vaziri Rustam Shohmurod jurnalistlarga ma'lum qilgandiki, eronliklar qo‘mitasi faoliyatidagi qonunbuzarliklar yuzasidan bir necha marta ogohlantirishlar bildirilganiga qaramasdan, qo‘mitadagilar bu murojaatlarni e'tiborsiz qoldirdi.

Vazirlikdagilar bu ish to‘la yopilgach, batafsil ma'lumotlar berishni va'da qilishgan. Shuningdek, Eronning Tojikistondagi elchixonasi ham bu borada izoh bermagan.

Tojikistondagi qo‘mita vakolatxonasi yopilishi haqidagi gaplar 2015 yil boshida paydo bo‘lgandi. Ammo 2015 yil fevralida Eronning Dushanbedagi elchisi Hujatullo Fag‘oniy bu xabarlarni rad etib, qo‘mita faoliyati yaxshi ketayotgani haqida bildirgandi.

Imom Humayniy nomidagi qo‘mita Eronning madaniy va xayriya tashkiloti hisoblanadi. Qo‘mita 1996 yildan buyon Tojikiston hududida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Qo‘mita faoliyati to‘xtatilishiga Tehron va Dushanbe munosabatlariga sovuqlik tushgani sabab bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yilning dekabrida Tehron xalqaro konferensiyaga Tojikistonda taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi yetakchisi (bu partiya 2015 yil sentabrida Tojikistonda bo‘lib o‘tgan isyon tashkilotchiligida ayblangan) Muhiddin Kabiriyni taklif qilgandi. Hatto u bilan Eron diniy rahnamosi oyatullo Ali Xomaneiyning uchrashuvi tashkillashtirilgan. Shundan so‘ng, Tojikiston Eronni terrorizm qo‘llovchisi sifatida aybladi.

Ko‘p o‘tmay Tojikiston TIV Eronning Dushanbedagi elchisi Fag‘oniyga bu masala yuzasidan nota yuborgandi.

Top