08:56 / 12.12.2016
32350

Farg‘onalik bolalar tomonidan Andijon–Toshkent poyezdining oynalarini sindirish boshlandi

2016 yilning sentabr oyidan qatnay boshlagan Andijon–Toshkent poyezdiga maktab o‘quvchilari tomonidan tosh otish holatlari qayd etilmoqda. Masalan, joriy yil 2 oktabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi 10 yoshli A.Tursunov va A.Qurbonov mazkur yo‘nalishdagi poyezd oynasiga tosh otib sindirgan. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.

Poyezdni toshbo‘ron qilish holati O‘zbekiston, Qo‘shtepa, Oltiariq tumanlarida ham qayd etilgan. Ma'lum qilinishicha, yo‘lovchi poyezd vagonining bitta oynasi 5 million so‘mdan ortiq turadi. Mazkur holatlar yuzasidan bolalarning ota-onalariga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra jarima solingan. Bundan tashqari, yetkazilgan zararni ota-onalardan undirish bo‘yicha da'vo kiritilgan.

Gazetaning yozishicha, Farg‘ona viloyat xalq ta'lim boshqarmasi rahbari Z.Teshaboyev o‘quvchilar tomonidan bunday salbiy harakatlar sodir etilmasligi uchun maktab dasturiga bu borada qo‘shimcha dars kiritish lozimligini aytgan.

 

Top