13:16 / 12.12.2016
8332

Xitoy gazetasi: Pekin Tramp sabab AQSh g‘animlariga harbiy ko‘mak berishi mumkin

Foto: Reuters

Xitoy AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagani va “yagona Xitoy” siyosatidan voz kechganiga javoban “AQSh g‘animlariga” yordam, jumladan harbiy ko‘mak berishi mumkin, deb yozadi Global Times.

Avvalroq, Tramp Pekinga Tayvan bilan munosabatlarda o‘z ta'sirini ko‘rsatishiga imkon bermasligini ma'lum qilgandi. Bundan tashqari, saylangan prezident AQSh nega “yagona Xitoy” siyosatiga amal qilishi kerakligini tushunmasligini ham aytib o‘tgan.

“Agarda Tramp “yagona Xitoy” siyosatidan voz kechib, Tayvan mustaqilligini oshkora qo‘llab-quvvatlab, unga qurol-yarog‘ sotishda davom etsa, Xitoy Vashington bilan xalqaro masalalarda hamkorlikdan voz kechadi hamda mamlakatga qarshi kuchlarni ushlab turmaydi. Pekin Trampning xatti-harakatiga javoban AQSh g‘animlariga harbiy ko‘mak ham berishi mumkin”, - deb yozadi gazeta.

Nashr fikricha, Trampning yangi g‘oyalari savdo sohasidagi bo‘sh pozitsiya va diplomatiyadagi “soddalik”dan darak beradi. 

Gazeta “yagona Xitoy” prinsipi Tayvanda tinchlik va rivojlanishga sabab bo‘layotganini eslatgan. Undan voz kechish esa Tayvan ko‘rfazining ikki qirg‘og‘i orasida “po‘rtanalar” paydo bo‘lishiga turtki beradi.

Top