11:22 / 12.12.2016
18751

Pok luqma yeb voyaga yetgan insondan yomonlik chiqmaydi

Foto: Guardian.ng

Bismillahir rohmanir rohiym

Oila va farzand tarbiyasi har bir jamiyatda muhim masala hisoblanadi. Alhamdulillah, Respublikamizda oilaga bo‘lgan e'tibor, sog‘lom avlod uchun qilinayotgan xayrli ishlardan xalqimiz juda mamnun. Zero, jamiyatning barqarorligi oila mustahkamligi va farzandlarning jismoniy, axloqiy va ma'naviy barkamolligiga bog‘liq. Taassufki, masjid imom-xatiblariga murojaat qiluvchilarning ko‘pchiligi oilaviy muammolar yechimi haqida so‘rashadi. Ularning aksari taloq masalalaridan bexabardir. Vaholanki, nikoh va taloq masalalariga oid kitoblar chop etilgan. Agar ularni o‘qib, ozgina shar'iy odoblarni o‘rganib, unga amal qilinsa,  muammolar bartaraf bo‘lardi. Biz kerakli kasblarni egallaymiz-u oila, er-xotin munosabatlari masalalarini, farzandni tarbiya qilish usullarini o‘rganmaymiz! Oddiy bir jihozga e'tibor berilganidek oilaga ham mehr, e'tibor bo‘lsa,  o‘z-o‘zidan muammolarning ham oldi olinadi.

Oiladek muqaddas dargohga yoshlarni tayyorlab borish biz kattalarning vazifamiz bo‘ladi. Faqat nasihat bilan emas, amaliy ko‘nikmalar bilan farzandlarni katta hayotga hozirlash zarur. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb bejiz aytilmagan. 

Buning uchun axloqiy tarbiyaga, poklikka e'tibor berishimiz zarur, deb o‘ylayman. Chunki pok luqma yeb voyaga yetgan insondan yomonlik chiqmaydi. Holbuki, mo‘min odam duch kelgan narsani surishtirmay o‘ziniki hisoblab, undan foydalanib ketavermaydi ham. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang” (Baqara, 188).

Mufassirlar mazkur oyat tafsirida: “Birovning molini botil yo‘l bilan yeyish – shariat man etgan ishdir”, deyishgan.  

Ulamolarning fatvolarida: “Kishilar haqini nohaq yeguvchilar sirasiga xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, sudxo‘r, yetim molini yeguvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarzga bir narsa olib undan tonuvchi, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, azada dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar kiradi”, deyilgan. 

Ayniqsa, qarz masalalarida juda e'tiborsiz bo‘lib qolyapmiz. Ayrim qarz olgan kishilar qaytarishga parvo qilmay qo‘ydi. Qo‘l bilan berdik, oyoq bilan yuguryapmiz, shu mablag‘ hozir o‘zimga juda zarur edi. Qori aka, nima qilaylik, deb maslahat so‘rab kelishadi. Qarz olib uni qaytarmasdan yurganlar farzandi, oilasini nopok luqma bilan boqayotganini hech o‘ylab ko‘rdimikin? Oila, farzandlar Alloh taoloning bizga omonati, ularni pok luqma bilan parvarishlab, katta hayotga tayyorlash barchamizning vazifamizdir. 


 
Ishoqjon Begmatov
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi, 
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Top