12:03 / 12.12.2016
13022

O‘zbekistonda tuman shifoxonalarini moliyalashtirish tizimi o‘zgarishi mumkin

Foto: O‘zA

2017 yilda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi «Salomatlik-3» dasturi doirasida tuman shifoxonalarini davolash hollari bo‘yicha moliyalash tizimini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Today nashri yozmoqda.

Bugungi kunda davlat tuman shifoxonalari bemorlar uchun ajratilgan o‘rinlar soni bo‘yicha moliyalashtiriladi. Yaqin-yaqinlargacha, dunyoning aksar mamlakatida ham shunday tizim asosida ish yuritilgan. Biroq, endilikda, o‘z shifoxonalarini bemorlarning joriy soniga ko‘ra moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan mamlakatlar safi tobora kengayib bormoqda. Bu o‘z navbatida, shifoxonalarni moliyalash uchun ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish va davolash sifatini oshirish imkonini beradi. Chunki, mablag‘ aniq bemorga, uning ehtiyojlari hisobga olingan holda ajratiladi. 

O‘zbekistonda mazkur tizim Prezidentning ««Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashni takomillashtirish («Salomatlik-3») choralari to‘g‘risida»gi qarori bilan Jahon banki Xalqaro taraqqiyot Assotsiatsiyasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda, Beshariq, Oltiariq, Qushtepa tuman markaziy shifoxonalarida ushbu tizimni joriy qilish bo‘yicha tajriba o‘tkazilmoqda. 

Kelasi yilda, asosiy e'tibor hisobotlar va ma'lumotlarni to‘plash jarayonini takomillashtirishga qaratiladi. Bundan tashqari, tizimni joriy qilish va uning ishlashini ta'minlovchi dasturiy ta'minot tayyorlanadi. Shu bilan birga, Salomatlik va tibbiy statistika Instituti bilan birgalikda, maxsus kurslar tashkil etiladi. Bu esa, shifokorlarga yangi uslubda ishlash texnologiyasini tezroq o‘zlashtirishlariga yordam beradi. 

Top