12:47 / 13.12.2016
8601

Aka-uka firibgarlar ozodlikdan mahrum etildi

Foto: Huffingtonpost.com

Odilbek Obidov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam ikki marta sudlanib, hayotning achchiq saboqlaridan xulosa chiqarmadi. Aksincha, jinoyatchilikning qorong‘u ko‘chalariga o‘z jigari, ukasi Og‘abekni ham yetakladi. Shofirkon tumani Mirzoqul qishloq fuqarolar yig‘inida ro‘yxatda turib, Zangiota tumanida istiqomat qilayotgan aka-ukalar tovlamachilik, firibgarlik kun kelib yuzlarini qora qilishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rishmadi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, kirakashlik qilib yurgan Og‘abekning mashinasiga chiqqan qashqadaryolik Muhammad Abulov ulfat odam chiqib qoldi. Yo‘l ustidagi oshxonaga kirib tushlik qilishdi. Dasturxon boshida, spirtli ichimlik ta'sirida og‘a-ini ham tutinishdi. Bu ishonchni suiiste'mol qilgan Og‘abek “mijoz”ning cho‘ntagidan 600 ming so‘mlik qo‘l telefoni, 4 million 800 ming so‘m naqd pulga qo‘shib, uning haydovchilik guvohnomasini ham yashirin ravishda o‘mardi.

Qilmishi haqida akasiga maqtanib gapirgan Og‘abek Odilov navbatdagi jinoyatga qo‘l urdi. U M.Abulovga tegishli haydovchilik guvohnomasiga o‘zining fotosuratini yelimlab, hatto ism-familiyasini ham yozib qo‘ydi. Ushbu qalbaki hujjat bilan Toshkent ko‘chalarida “Spark”ni boshqarib yuraverdi.

Aka-ukalar qarmog‘iga ilingan Mahzuna esa boshi berk ko‘chaga kirganini anglab yetganida ancha kech bo‘lgan edi. 2015 yil noyabr oylarida Odilbek Obidov go‘yo Mahzuna To‘rayeva bilan bir to‘shakda bo‘lgan paytidagi fotosuratlari borligini, bu suratlarni uning oila a'zolariga va internet tarmog‘i orqali tarqatishi mumkinligini aytib, ayoldan pul talab qiladi. Ular shu tariqa M.To‘rayeva uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarni tarqatish bilan qo‘rqitib, qabih niyatni tovlamachilik orqali amalga oshirishadi.

Ayollik sha'ni, or-nomusi toptalishini o‘ylagan M.To‘rayeva aka-ukaga 2016 yil mart oyi o‘rtalarida 3000 AQSh dollari va 600 ming so‘m pullarni beradi. Oradan ozroq vaqt o‘tib M.To‘rayevadan yana 1000 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan tovlamachi aka-ukalar uzoqqa bora olmadilar.

Sud hukmiga ko‘ra, Odil Obidov 8 yilga, Og‘abek Odilov esa 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildilar.

Mavzuga oid
Top