09:15 / 13.12.2016
3600

Southwest Airlines aviakompaniyasi AQShdan Kubaga o‘zining ilk parvozini amalga oshirdi

Amerikaning yirik byudjyet aviakompaniyasi bo‘lmish Southwest Airlines 12 dekabr kuni AQShdan Kubaga o‘zining ilk parvozini amalga oshirdi. Prensa Latina agentligi bergan xabarga ko‘ra, bortida 156 nafar yo‘lovchi bo‘lgan Boeing 737 samolyoti Tampa shahridan (Florida shtati) uchgan va Havanadagi Xose Marti nomli aeroportga borib qo‘ngan.

Mana shu reys bilan Southwest Airlines aviakompaniyasi boshqaruv raisi Geri Kelli va kompaniyaning yetakchi menejyerlari Kuba poytaxtida bo‘lishdi. Kellining so‘zlariga ko‘ra, Kubaga bir haftada olti marta parvoz uyushtirish imkoniyati tug‘ilganidan “juda mamnun”. U ikki davlat o‘rtasidagi aviaparvozlar soni ortishiga umid bildirgan.

Bundan oldin Amerikaning Delta Air Lines, JetBlue, Silver Airways va American Airlines kompaniyalari ham Kubaga doimiy parvozlarni amalga oshira boshlagan edi. Ana shunday kompaniyalardan umumiy hisobda 10tasi AQSh transport vazirligidan Kubaga tijoriy parvozlarni uyushtirishga ruxsat olgan.

 

Top