11:42 / 13.12.2016
11366

Tilla buyumlarni suvenir dollarlarga xarid qilmoqchi bo‘lgan hamtovoqlar qo‘lga tushirildi

Foto: Fotolia

Ismatjon (ismlar o‘zgartirilgan) amakisining uyida uyushtirilgan ziyofatda dastyorlik qilib yurardi. Amakisining ulfatlari dasturxon atrofida turli mavzularda suhbatlashishardi. Gurung avjiga chiqqan payt gap bozordagi tilla buyumlar narxiga borib taqaldi, deb yozadi “Postda” nashri.

-  Mening Rahimjon ismli tanishim tilla buyumlarim bor, sotaman, degandi, xaridor olib borsam, narxiga kelisha olmadi. Faqat dollarga sotaman deb oyoq tirab oldi, - dedi mehmonlardan biri choy ho‘plab.

Bu gapni eshitib Ismatjonning halovati yo‘qoldi. Chunki u tengqurlari bilan bir reja tuzgandi. Endi uni amalga oshirsa bo‘ladi. Payt poylab turib mehmondan tilla buyumlar sotadigan tanishining manzilini bilib oldi. Ertasi kuni esa Ismoil, Mirvohid va Baxtiyor ismli o‘rtoqlarini yig‘di va quvonch bilan dedi:

-  Niyatimiz amalga oshadigan bo‘ldi. Tilla buyum sotadigan odamning manzilini bilib keldim.

-  Borganimizga yarasha ko‘proqmi? – so‘radi Baxtiyor.

-  Telefonda gaplashdim, narxi o‘ttiz million so‘mdan ortiq taqinchoqlari bor ekan, - dedi Ismat xuddi taqinchoqlar uning qo‘lida turganday iljayib.

-  Yig‘ilgan “dollarlar” kam-ku, - deya e'tiroz bildirdi Ismoil.

-  U yog‘i bilan ishing bo‘lmasin, biz tilla buyumlarni qo‘lga kiritsak bo‘ldi, - dedi uni jyerkib Mirvohid.

Sheriklar amalga oshiradigan ishni rejalashtirib olishdi. Shu kuni Ismatjon Rahim akaga qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuv joyini belgilab oldi.

Uchrashuv joyiga bir emas, to‘rt nafar yigitning kelganini ko‘rgan Rahim aka biroz cho‘chidi. Buni sezgan Ismatjon:

-  Bular mening do‘stlarim, axir, besh ming dollar pulni bir o‘zim olib kelolmayman, yana tilla buyumlarni olib ketishim kerak, - deya izoh bergan bo‘ldi.

Yigitlar Rahim akani mashinaga o‘tqizishdi. Keyin tilla buyumlarni ko‘zdan kechirgan bo‘lishdi. So‘ng taxlam-taxlam pullarni uzatishdi. Rahim aka pulni olarkan, sanamoqchi bo‘ldi-yu, rangi o‘chib ketdi.

-  Iya, bular suvenirga chiqarilgan qog‘oz-ku!

-  Nima, sen haqiqiy dollar olib keladi, deb o‘ylaganmiding?! – dedi Ismatjon va sheriklariga imo qildi. Ular Rahim akani urib-tepib mashinadan tushirib yuborishdi...

Jinoiy sheriklar tilla taqinchoqlarni qo‘lga kiritganlaridan xursand bo‘lib, keyingi kun ularni sotish va pullarni o‘rtada taqsimlab olishga kelishib olishdi. Ammo ularning niyati amalga oshmadi. Rahim aka bo‘lgan voqea haqida Toshkent shahar Olmazor tumani IIBga murojaat etdi. Tuman IIB JQ va UJQKB xodimlari tomonidan surishtiruv-qidiruv ishlari amalga oshirilib, jinoyatchilar qo‘lga tushirildi. Ulardan jabrdiydaga tegishli bo‘lgan tilla buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Top