10:53 / 14.12.2016
10001

OAV: Yaponiya Kurildagi ikki orolga Amerika bazalarini joylashtirishi mumkin

Foto: AFP

Yaponiya Xavfsizlik milliy kengashi kotibi Syotaro Yati rossiyalik hamkasbi Nikolay Patrushev bilan noyabr oyida o‘tkazgan uchrashuvida, janubiy Kuril orollarining ikkitasida Amerika harbiy bazalarini joylashtirish imkoniyatini rad etmagan. U Patrushevning savoliga shu mazmunda javob bergan, deb yozmoqda "Asaxi" gazetasi ko‘plab manbalarga asoslangan holda. 

"Yaponiyaning hududiy da'volar yuzasidan kelishuvga erishish borasida optimizmi noyabr oyidan zaiflasha boshladi. Noyabr oyi boshida Moskvaga kelgan Yaponiya xavfsizlik milliy kengashi kotibi Syotaro Yati Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi  Nikolay Patrushev bilan uchrashgan. Bir necha hukumat manbalarining xabar qilishicha, Patrushev suhbatdoshiga "orollarda Amerika bazalari joylashtirilishi mumkinmi?", degan savol bilan murojaat qilgan. Ya'ni, 1956 yilgi Qo‘shma deklaratsiyaga binoan, Rossiya Yaponiyaga Kuril orollarining ikkitasini topshirsa, shunday bo‘lishi ehtimoliga oydinlik kiritish so‘ralgan. Bunga, nashrning yozishicha, Yati "shunday ehtimol bor", — deya javob bergan. 

Gazeta, shuningdek, hukumatning boshqa mulozimlari fikrini ham keltirgan. Ularga ko‘ra, orollar Yaponiyaga tegishli bo‘lar ekan, Yaponiya va AQSh o‘rtasidagi xavfsizlik kelishuvi shartlari mazkur orollarga ham ta'sir qilishi aniq. 

Rossiya va Yaponiya munosabatlarini uzoq yillardan buyon ikki o‘rtada tinchlik shartnomasi bo‘lmagani buzib keladi. Yaponiya Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollariga da'vo qiladi. Shu bois, tinchlik bitimini imzolash uchun ushbu orollar qaytarilishi Tokio ilgari surayotgan asosiy shartdir. 

1956 yilgi Qo‘shma deklaratsiyaga muvofiq, SSSR Yaponiyaga Xabomai va Shikotan orolini qaytarishga rozi bo‘lgan. Biroq, keyinchalik, Yaponiya bu deklaratsiyani rad etgan. 

 

Top