13:33 / 15.12.2016
6490

AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi

Foto: © AP

Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi sanksiyalarni yana o‘n yilga uzaytirdi. Associated Press (AP) agentligining xabar berishicha, hujjat payshanba kuni kuchga kiradi. 

Amerika qonunchiligiga ko‘ra bu vaqtga qadar prezident Barak Obama sanksiyalar muddatini uzaytirish haqidagi qonun loyihasiga imzo chekishi yoki uni bekor qilishi lozim bo‘ladi. "Biroq u hech narsa qilmadi. Shuning uchun hujjat avtomatik tarzda qonunga aylandi", - deb aniqlik kiritgan AP.

Oq uy matbuot kotibi Erik Shults esa AQSh ma'muriyati "Eronga qarshi sanksiyalar haqidagi qonunni uzaytirishga ehtiyoj yo‘q, biroq u mamlakat yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni "amalga oshirishga halal bermaydi", degan fikrda ekanini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, qonun AQSh prezidentiga Eron tomonidan ballistik raketalarni ishlab chiqishga aloqadorlarga qarshi sanksiya kiritishga imkon beradi. 

Avvalroq, EIR TIV rahbari Muhammad Javad Zarif "Eronga qarshi sanksiyalarni uzaytirish mamlakat iqtisodiyotiga uchinchi mamlakatlarning investitsiyalariga hech qanday ta'sir ko‘rsatmasligini, biroq jahon hamjamiyatiga Qo‘shma Shtatlar o‘z majburiyatlariga xilof ravishda ish yuritayotganliklarini ko‘rsatib berishini" ma'lum qildi. 

Ma'lumot uchun, Venada 2015 yilning 14 iyul kuni Eron yadro dasturi bo‘yicha birgalikdagi o‘zaro yakuniy reja muvofiqlashtirilgandi. BMT, AQSh va YeI esa 2016 yilning 16 yanvar kuni Eronga nisbatan iqtisodiy va moliyaviy cheklovlarni bekor qildi. Shu bilan bir qatorda, AQSh prezidentining Islom Respublikasiga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonlari to‘laligicha bekor qilinmagan, balki vaqtinchalik to‘xtatilgan.
 

Mavzuga oid
Top