22:26 / 15.12.2016
14359

Dunyoning eng samarali faoliyat yurituvchi bosh direktorlari reytingi

Yirik korporatsiyaning bosh direktori faoliyatiga har tomonlama,  obektiv baho berish uchun ko‘plab jihatlarga e'tibor qaratish kerak. Shunga qaramay, rahbar ishining samarasi borasida yakuniy xulosa chiqarishda ko‘pincha korxonaning moliyaviy holati inobatga olinadi. Bloomberg axborot agentligi dunyoning eng samarali faoliyat olib boruvchi bosh direktorlari reytingini taqdim etdi. 

Eng yaxshi rahbarlar ro‘yxati beshligidagi to‘rt o‘rin (2-5) IT-sanoati vakillari tomonidan egallangan. 

1-o‘rin Fossil Group moda brendi rahbari Kosta Kartsotisga nasib etdi. So‘nggi hisobotlarga ko‘ra, bu rahbar maosh olmay faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Kompaniyasining so‘nggi uch yildagi o‘rtacha iqtisodiy daromadi 129 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa-da, umuman maosh olmagan Ubiquiti Networks rahbari Robert Pera 2-o‘ringa munosib ko‘rildi. Shuni ta'kidlash joizki, janob Pera – milliarder va u Ubiquiti Networks’ning 70 foiziga egalik qiladi. 

Nufuzli 3-o‘rin Alphabet xoldingi bosh direktori Larri Peyjga berildi. U mazkur reytingning so‘zsiz yetakchisi bo‘lishi mumkin edi, biroq unga 1 dollar miqdoridagi ramziy ish haqi to‘sqinlik qildi. Agar shundan ham voz kechganida edi, reytingning eng yuqori cho‘qqisini zabt etgan bo‘lardi. Zero Alphabet’ning o‘rtacha iqtisodiy daromadi 3 milliard dollardan oshadi. 

Keyingi o‘rinlarda Hongkongning China Mobile kompaniyasi rahbari Li Yue (4-o‘rin), Hindistonning Oracle Financial Sevices Software direktori Chaytaniya Kamat (5-o‘rin) qayd etilgan. 

Amerikaning Berkshire Hathaway bosh direktori Uorren Baffet 6-o‘rinni egalladi. Hindistonning Rajesh Exports kompaniyasi rahbari Prashant Jasvantray Mehta 7-o‘rin, AQShning Copart kompaniyasi direktori Jay Adayr 8-o‘ringa munosib ko‘rildi. 

9-o‘rinda Tailand kompaniyasi bo‘lmish Siam Makro kompaniyasi rahbari Suchada Izijarikul qayd etilgan bo‘lsa, 10-o‘rinni ham shu mamlakatning BEC World kompaniyasi direktori Prasan Malinont egalladi. 

 

Mavzuga oid
Top