12:16 / 15.12.2016
12903

Xorazmda onasi tengi ayolning qotiliga aylangan yigit 13 yilga qamaldi

Foto: Getty Images

Sardor Azimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yigirma sakkiz yoshda. Ikki farzandning otasi. O‘ylamay qilgan xatti-harakatlari uni sudning qora kursisi tomon yetakladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘tgan yilning yoz oyi. Sardor turmush o‘rtog‘i bilan tomorqa yeriga yo‘l oldi. Qarasa, M.Atajanovning qoramollari uning sholi ekilgan yerida yuribdi. Shu sabab ular o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi. Bir-birlarini yetarlicha haqorat qilishgach, alami bosilmagan S.Azimov kuchiga erk berdi. Qo‘lidagi baliq ovlaydigan sanchqini M.Atajanovga bir-ikki bor sanchib, dastagi bilan ura ketdi. M.Atajanov zo‘rg‘a qochib qutuldi. Garchi davo muolajalari olishiga to‘g‘ri kelsa-da, u bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar bermadi.

Oradan bir yil o‘tdi. Shu yil bahor oyi oxirlarida S.Azimov tomorqa yeridan xabar olish uchun borayotganida M.Atajanovning turmush o‘rtog‘i O.Durdiyevani uchratib qoldi. Bu paytda Sardorning yonida og‘aynisi R.Saidov ham bor edi. 

-  Bu mollar kimniki? – so‘radi O.Durdiyeva.

-  Meniki, - javob qaytardi Sardor.

-  Sendan so‘raganim yo‘q, - Oygul opa shunday deya Sardorni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qila boshladi.

-  Keting bu yerdan, - dedi S.Azimov.

Ayol esa uni haqoratlashda davom etdi. Qiziqqon yigit g‘azab otiga mindi. Qo‘lidagi belkurak bilan ayolning boshiga urdi. Oygul opa hushidan ketib yiqildi. Sardor o‘zini iroda qilolmay qoldi. Behush ayolni urishda davom etdi... R.Saidov qo‘rqqanidan voqea joyidan qochib ketdi.

Nima qilib qo‘yganini anglab yetgan Sardor belkurakni yuvdi. Oygul opaning uyali telefonini chetga uloqtirib yubordi. Uyiga qaytib, bir piyola suv ichdi va ichki ishlar bo‘limiga ketdi.

S.Azimov sud hukmi bilan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid
Top