22:04 / 16.12.2016
5329

BMT: Mo‘suldagi operatsiya tufayli 100 ming iroqlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan

Foto: Reuters

Iroqning Mo‘sul shahrini IShID jangarilaridan ozod qilish bo‘yicha 17 oktabrda boshlangan operatsiyadan keyin 100 ming iroqlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Bu haqda BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma'lum qildi.   

"Mo‘suldagi ixtilofning 3-oyi boshlanmoqda, majburiy ko‘chgan odamlar soni esa 100 mingga yaqinlashmoqda", deb aytdi Jyenevadagi matbuot-anjumanida boshqarmaning rasmiy vakili Edrian Edvards. Uning aytishicha, oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, o‘z uyini 96864 kishi tark etgan. Bu odamlardan 57 mingga yaqini boshqarma yordamini oluvchi lagerlarda joylashtirilganlar.

Hozirda mo‘sullik qochqinlar boshqarmadan yordam oladigan 6 ta lagerga joylashtirilmoqdalar. Yana uchta lager qurilishi olib borilmoqda va bu 9 lager umumiy hisobda 102 kishini qabul qila oladi. Edvardsning aytishicha, Mo‘suldagi harbiy harakatlar bilan bog‘liq gumanitar operatsiyalar uchun donorlardan 196,2 mln dollar so‘ralgan. Biroq bu summaning hozircha faqat 57 foizi yig‘ilgan.

Iroqning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Mo‘sul 2 yildan ko‘proq vaqtdan beri jangarilar nazoratida qolmoqda va IShIDning Iroqdagi norasmiy poytaxti hisoblanadi. Shaharni ozod qilish bo‘yicha operatsiya 17 oktabrda boshlangan va unda Iroq hukumat qo‘shinlari, shia lashkarlari va "peshmerga" kurd tuzilmasi jangchilari ishtirok etmoqdalar. Ularga Iroq harbiy-havo kuchlari va AQSh boshchiligidagi koalitsiya aviatsiyasi ko‘mak ko‘rsatmoqda.

 

Mavzuga oid
Top