18:44 / 16.12.2016
6364

Qatar Turkiyaga investitsiya kiritish uchun imkon izlamoqda 

Foto: Yeni Safak

Qatarning Anqaradagi elchisi Ash-Shafiy mamlakat Turkiyaga investitsiya kiritish uchun imkon izlayotgani hamda Qatar prezidenti 18 dekabr kuni Erdo‘g‘an bilan uchrashib, 14ta savdo kelishuvini imzolashini ma'lum qildi. Bu haqida Turkiyaning Yeni Safak nashri xabar berdi

Elchi Salim al-Muborak ash-Shafiy Turkiya-Qatar munosabatlari so‘nggi yillarda yangicha tus olganini aytib, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanayotganini ta'kidladi.  

Shafiy Qatar iqtisodiyot vazirligi vakillari Turkiyaga investitsiya kiritish masalalarini muhokama qilayotganini qo‘shimcha qildi. 

"Qatar Turkiyaga investitsiya kiritishning har bir imkonini baholab chiqmoqda. Mamlakat amiri Shayx Hamad bin Tamim as-Saniy va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yaqin kunlarda Trabzonda uchrashishadi. Biz Turkiya bilan 18 dekabr kuni energetika, iqtisodiyot va turizm kabi turli sohalarda 14 bitimni imzolaymiz. Bu kelishuvlar ikki mamlakatning aloqalari bundan keyin yanada mustahkamlanishi uchun xizmat qiladi", - dedi elchi. 

Manbaga ko‘ra, Qatar amiri Shayx Saniy Trabzonda yangi stadion - Akyazı Arena'ning ochilishida ishtirok etadi. 

Bundan tashqari, Shafiy suyultirilgan tabiiy gaz borasidagi tijorat muzokaralari davom ettirilishini  ma'lum qildi. 

Ta'kidlash joizki, Turkiya Qatarga temir, po‘lat, elektrik mashinalar va uskunalar, avtomashinalar va ularning ehtiyot qismlari, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiladi. Qatar esa Turkiyaga suyultirilgan tabiiy gaz, plastmassa va kimyoviy mahsulotlarni yetkazib beradi. 

Top