20:17 / 16.12.2016
6315

Turkiya suriyalik qochqinlar uchun lager qurilishi haqida e'lon qildi

Foto: IHA

Halabning sharqiy hududidan evakuatsiya qilingan aholi Suriyaning Idlib provinsiyasi hududiga joylashtiriladigan bo‘ldi. Bu haqida Turk Qizil yarim oy jamiyati rahbari Karim Kinikning xabariga asoslanib,  Anadolu agentligi ma'lum qildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Idlib hududida qochqinlarga 10 ming chodirli lager qurilishi rejalashtirilmoqda. Lager turk chegarasidan 6-7 kilometr narida, Haytay provinsiyasi yaqinida barpo etiladi. 

Kinikning ta'kidlashicha, turk chegarasi yaqinidagi lagerda maktab, tibbiyot markazi, dam olish maskanlari, mobil hojatxonalar va yuvinish xonalari tashkil etiladi. 

"Lagerni tashkillashtirish bilan bog‘liq dastlabki ishlarga 3-4 kun ketadi. Shunga muvofiq infratuzilma tayyorlanmoqda", - dedi Kinik. 

Turkiya va Rossiyaning o‘q uzishni to‘xtatishga doir faol harakatlari natijasida erishilgan kelishuvga ko‘ra, Halabdan minglab tinch aholi va muxolifat jangchilari evakuatsiya qilingan. Ta'kidlash joizki, evakuatsiya jarayoni hanuz davom etmoqda. 

Halab Suriya shimolida joylashgan bo‘lib, u mamlakatning kattaligi bo‘yicha Damashqdan keyingi ikkinchi shahri hisoblanadi. Halab turk chegarasidan 40 kilometr masofada joylashgan. 

Suriyadagi urush 2011 yilning martida norozilik namoyishlarining harbiy to‘qnashuvga aylanib ketishi natijasida boshlangan - harbiylar namoyish ishtirokchilariga qarata o‘q uzishgan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuv chog‘ida 400dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 10 milliondan ziyod kishi o‘z uyini tark etishiga to‘g‘ri kelgan. 4,8 million kishi esa mamlakat tashqarisidan qo‘nim topgan. 

 

Top