21:37 / 16.12.2016
5331

Twitter’da Mixael Shumaxerning rasmiy akkaunti paydo bo‘ldi

Foto: Getty Images

Twitter ijtimoiy tarmog‘ida "Formula-1" poygalarining 7 karra jahon chempioni, afsonaviy nemis poygachisi Mixael Shumaxerning rasmiy akkaunti paydo bo‘ldi

Shumaxer 2013 yil dekabrda Fransiyada tog‘ chang‘isi uchayotganda miyasining ikki yarimsharida ko‘plab jarohatlar olgan va miyasiga qon quyilgan. Sobiq poygachi 2014 yildan beri Shveytsariyadagi  villasida salomatligini tiklash muolajasidan o‘tmoqda.

Akkauntga izohda u "avtopoygalar afsonasi Shumaxerning ajoyib muxlislari uchun yaratilgani va ular uchun "paddok" (poyga jamoalari joylashadigan maxsus hudud) bo‘lishi" aytilgan. Avvalroq xuddi shunday ta'rif bilan poygachining Instagram’da ham rasmiy sahifasi ochilgandi.

Shumaxer "Formula-1" poygalarining 7 karra chempioni hisoblanadi. U shuningdek "qirollik poygalari"ning ko‘plab rekordlari muallifidir: u bosqichlardagi g‘alabalar soni (91 ta), shohsupaga ko‘tarilishlar soni (155 ta), bir mavsumda g‘alabalar soni (13 ta), eng tez davralar soni (77 ta) hamda ketma-ket qo‘lga kiritilgan chempionlik unvonlari soni (5 ta) bo‘yicha rekordchidir. 
 

Mavzuga oid
Top