11:42 / 18.12.2016
26146

The National Interest nashri 2017 yilda qayerlarda yangi qurolli ixtiloflar vujudga kelishi mumkinligini aytdi

Foto: Flicr

The National Interest nashri sharhlovchisi Robert Farli 2017 yilda yangi qurolli ixtiloflar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan bir qator eng xavfli "qaynoq nuqtalar"ni sanab o‘tdi.

Farlining fikricha, Koreya yarimorolida to‘qnashuv yuz berishi xavfi yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu nafaqat o‘z yadro va raketa salohiyatini oshirayotgan Shimoliy Koreya bilan, balki Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz bilan ham bog‘langan. AQShning yangi prezidenti etib saylangan Donald Trampning Shimoliy Koreya yadro quroli muammosini ogohlantiruvchi chora sifatida hujum qilish yo‘li bilan hal qilishi yoki aksincha, Pxenyanning amerikaliklarga oldinroq zarba berishga intilishi katta ko‘lamli harbiy ixtilofga aylanib ketishi mumkin.

Yana bir "qaynoq nuqta" fuqarolik urushi girdobida qolgan Suriya bo‘lishi mumkin. Bu yerda Rossiya va AQSh qurolli kuchlarining, misol uchun, xato aviazarba sababli tasodifiy to‘qnashuvi yuz berishi mumkin. Bundan tashqari, vaziyatni Suriyada ko‘plab qarama-qarshi qurollangan guruhlar borligi murakkablashtiradi. 

Yana bir xavfli joy – Pokiston-Hindiston chegarasi bo‘lib qolmoqda. Telefon orqali muloqotda Pokiston bosh vaziriga bu ikki davlat o‘rtasida Kashmir uchun borayotgan bahsni hal qilishda vositachilik qilishni taklif qilgan Tramp vaziyatni faqatgina yomonlashtirishi mumkin. Agar Hindiston va Pokiston urushga kirishsa, xuddi shu narsa AQSh va Xitoy o‘rtasida ham yuz berishi mumkin. 

Farli Boltiqbo‘yida vujudga kelgan vaziyatda Moskva va Vashington o‘rtasida ziddiyatning kuchayishi mumkinligini ko‘rmoqda. Uning fikricha, Trampning NATOning moliyaviy majburiyatlarni bajarmayotgan Yevropadagi a'zolarini himoya qilishni savol ostiga qo‘yishi Rossiya-AQSh munosabatlaridagi keskinlik darajasini kamaytirish uchun ijobiy oqibatlarga ham ega bo‘lishi, Rossiya va AQSh o‘rtasida ixtilofning yuzaga kelishiga ham olib kelishi mumkin. 

Va nihoyat, Farlining fikricha, katta ko‘lamli "urush" kiberhududda yetakchi davlatlar o‘rtasida avj olishi mumkin. Rossiyaning AQShdagi saylovlarga go‘yoki aralishishi borasidagi mojaro davlatlar o‘rtasida keskinlikning avj olishi mumkinligini namoyish qildi. Trampning tashqi siyosiy rejalari hattoki Vashington va uning maslahatchilariga ham sir bo‘lib qolayotgani vaziyatga mavhumlik elementini kiritmoqda. 

Top