12:06 / 19.12.2016
4283

Pekin maktablari havoning kuchli ifloslanishi tufayli uch kunga yopib qo‘yildi

Foto: EPA

Xitoy poytaxti Pekin shahri hukumati havo ifloslanishi tufayli o‘quv muassasalaridagi mashg‘ulotlarni uch kunga bekor qildi. Bu haqda Xitoy Markaziy televideniyesi xabar bergan.

Ayni damda shaharda havo ifloslanishining eng yuqori – qizil darajasi e'lon qilingan. Bu esa transport harakatini cheklash, qurilish obektlaridagi ishlarni to‘xtatish, bolalar bog‘chalarini yopib qo‘yishni nazarda tutadi. Sanoat korxonalariga esa chiqindilarni atmosferaga chiqarishni kamaytirish majburiyati yuklatildi. Fuqarolarga zarur bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilgan. 

Pekinda mahalliy vaqt bo‘yicha soat 11.00 holatiga ko‘ra sog‘liq uchun zararli bo‘lgan PM-2,5 mitti qattiq zarralari zichligi bir kub metrga 216 mkg.ni tashkil etgan. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra bunday zarralarning har kungi xavfsiz miqdori bir kub metrga 25 mkg.ni tashkil qilishi kerak.

Ma'lumot uchun, Xitoyda PM-2,5 asosan avtotransport va ko‘mir elektrostansiyalari sabab yuzaga keladi. Uning tarkibidagi zarralar o‘pka va qon tomirlariga kirib, turli og‘ir xastaliklarga olib kelishi mumkin. 
 

Top