12:22 / 19.12.2016
4033

Vetnamdagi kuchli suv toshqinlari kamida 24 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Foto: AFP

Vetnam markaziy viloyatlarida yuz bergan suv toshqinlari 24 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yana 16 nafar inson jarohatlandi. Bu haqda Sinxua agentligi tabiiy ofatlar oldini olish va uni nazorat qilish bo‘yicha departamentga asosan xabar bergan.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Bindin viloyatida 16  kishi, Txyatxen-Xyueda esa besh inson halok bo‘lgan. Bundan tashqari, tabiiy ofat tufayli Kxanxoa va Fuyyen viloyatlarida ham uch fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Kuchli dovullar 322 uyni butunlay yo‘q qilib, 118 tasiga zarar yetkazgan. Hukumat taxminiga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 19 ming gektarga yaqin guruch, 10 ming gektar g‘alla maydonlari va 4 gektar daraxtzor suv ostida qolgan. Halokat umumiy miqdorda 35,11 million dollar zarar keltirgani aytilmoqda.

Ma'lumot uchun, Vetnam doimiy tarzda tropik to‘fon va po‘rtanalardan aziyat chekadi. Noyabr boshida yuz bergan tabiiy ofat sabab 15 kishi qurbon bo‘lib, deyarli 12 ming gektar yer maydoni suv ostiga g‘arq bo‘lgandi.
 

Top