18:36 / 21.12.2016
8846

Ruminiyaning yangi bosh vaziri musulmon ayol bo‘lishi mumkin

Foto: EPA/Balazs Mohai

Ruminiyaning Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) va Liberallar va demokratlar alyansidan (LDA) iborat parlamentdagi ko‘pchilik koalitsiyasi mamlakat bosh vaziri lavozimiga Hududiy rivojlanish va davlat boshqaruvi vazirligidagi davlat kotibi Sevil Shaydax nomzodini bildirdi.

Ta'kidlanishicha, Shaydax 2016 yilda vazirlik rahbari, hozirda SDP yetakchisi Liviu Dragnya saylovlardagi firibgarliklar ishi bo‘yicha iste'foga ketgandan keyin vazirlikni 6 oy davomida boshqargan. Shaydax 1989 yildan beri Qur'onga qo‘lini qo‘yib, qasamyod qeltirgan Ruminiyadagi birinchi vazir bo‘lgan.

Ruminiya OAV ma'lum qilishicha, Dragnya Shaydaxning 2011 yilda suriyalik Akrom Shaydax bilan nikohida guvoh bo‘lgan. Shaydax SDPga 2015 yilda kirgan.

Dragnya prezident bilan maslahatlashuvlardan keyin bosh vazir lavozimiga nomzod bo‘yicha boshqa takliflar bo‘lmasligini aytdi.

"Agar bu taklif rad etilsa, biz unda boshqa joyda ko‘rishamiz", deb aytgan Dragnya.

Dragnyaning aytishicha, u bosh vazir lavozimiga "adolatsiz sudlangani va nokonstitutsion qonun" sababli da'vogarlik qilolmaydi.

Ruminiyada 11 dekabrda parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda katta farq bilan SDP g‘olib bo‘ldi, biroq u mutlaq ko‘p ovoz to‘play olmadi. Natijada SDP va LDA koalitsiya tuzib, bu koalitsiya parlamentda 54 foiz o‘ringa ega bo‘ldi. Bu ularga kelishgan holda bosh vazir nomzodini bildirishga va hukumat tarkibini taklif qilishga imkon berdi.

 

Mavzuga oid
Top