14:49 / 23.12.2016
19325

Alisher Usmonovning bir kompaniyasi boshqasini xarid qilmoqda

Foto: TACC

Rossiyaning “Megafon” kompaniyasi direktorlar kengashi Mail.ru Group nazorat paketini xarid qilmoqda. Kelishuv qiymati 740 million dollarga baholangan, deb aytiladi “Megafon” xabarida.

Rejalashtirilgan bitim shartlariga ko‘ra, “MegaFon” Mail.Ru Group kapitalidagi 11,5 million A sinfidagi aksiyalarni va 21,9 million oddiy aksiyalarni xarid qilmoqda. Ular ayni damda USM guruhi kompaniyalariga tegishli bo‘lib, Mail.Ru Group’ning 63,8 foiz aksiyalarini tashkil etadi.

Xabarlarga ko‘ra, “Megafon” bu aksiyalarni USM tarkibiga kiruvchi New Media and Technology Investment LP, New Media Technologies Capital Partners Limited va Ardoe Finance Limited’dan sotib olmoqda. 

Xabarda ta'kidlanishicha, kelishuvdan maqsad – har ikki kompaniya xizmatlari va “Megafon” raqamli xizmatini taklif etish usullarini kengaytirish, “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari uchun Vkmobile’ni ishga tushirish hamda bir qator boshqa ehtimoliy tashabbuslardan iborat.

“Megafon” direktorlar kengashi kelishuvni tasdiqlash uchun 2017 yilning 20 yanvar kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirdi. 

Eslatib o‘tamiz, asli kelib chiqish o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik ishbilarmon Alisher Usmonov “Megafon” hamda Mail.Ru Group kompaniyalariga egalik qiladi.  
 

Mavzuga oid
Top