18:46 / 23.12.2016
4998

«Yuventus» – «Milan: O‘yin oldidan

Turinliklar kuzda ichki chempionat doirasidagi uchrashuvda qabul qilingan mag‘lubiyat uchun Dohada qasos olishga tayyor.

O‘tgan yillarda AQSh, Liviya va Xitoyda o‘tkazilgan Italiya Superkubogi finali endilikda Qatarda bo‘lib o‘tmoqda. Chempion va mamlakat Kubogi sohibi Dohadagi shayx Jassim bin Hamad stadionida Superkubok g‘olibini aniqlaydi. 2014 yilda shu stadionda «Napoli» «Yuventus»ni penaltilar seriyasida 6:5 hisobida yenggandi.

«Yuventus» va «Milan» bahsi bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:30da boshlanadi.

Bugungi uchrashuv o‘tkazilmay qolishi ham mumkin bo‘lgandi: «Milan» jamoasi uchishi kerak bo‘lgan samolyotda nosozlik ro‘y berdi. Avvaliga reys 1,5 soat vaqtga kechiktirildi, keyin butunlay bekor qilindi. Milanliklar jamoasi rahbariyati moliyaviy zarar keltirmaslik uchun uchrashuvni boykot qilmoqchi ham bo‘ldi. Yakunda – Montella shogirdlari bilan  «Yuventus»dan keyin 1 kun o‘tib Dohaga keldi.

Oktyabr oyida «rossonerilar» Italiya chempionati doirasidagi uchrashuvda 1:0 hisobidagi g‘alabaga erishgandi. Bu safar ham asosan yosh futbolchilardan tarkib topgan jamoa turinliklar mashinasiga qarshi tura olishini isbotlashi kerak bo‘ladi. Ayni vaqtda milanliklarni turnir jadvalida 9 ochkolik farq bilan ortda qoldirayotgan «Yuventus» oxirgi 5 yilda to‘rtinchi marta Superkubokni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

Turinliklar jamoasi Dohaga jarohati bor Leonardo Bonuchchi, Rolando Mandragor va Dani Alvessiz kelgan. Milanliklar esa Davide Kalabriya, Rikkardo Montolivo va Matias Fernandes xizmatlaridan foydalana olmaydi. Bu jamoaga rahbariyat Superkubok finalidagi g‘alaba uchun 1,5 million yevro mukofot va'da qilgan.

Kim nima dedi?

Vinchentso Montella, «Milan» bosh murabbiyi: «Biz Dohadaligimiz mening xizmatlarim evaziga emas. Men buning uchun Sinisha Mixaylovich, Kristian Brokki va «Milan» safida o‘tgan mavsumda o‘ynagan boshqa futbolchilarga minnatdorchilik bildirishim kerak. «Yuventus» – bu faqat Gonsalodan iborat jamoa emas. Ularning tarkibida dunyoning eng yosh yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lmish Dibala ham bor. Higuainning 90 million yevroga olinganiga kelsak, bu talab va taklif qonuni doirasida amalga oshirilgan».

Gonsalo Higuain, «Yuventus» hujumchisi: «Yuventus»ga qarshi «Napoli» safida o‘tkazgan o‘yinimmi? Albatta eslayman! Menda faqat yaxshi xotiralar qolgan, axir men o‘shanda jamoam bilan uyga sovrin olib qaytgandim. Endi men «Yuventus» libosida o‘ynayapman va bizni qiyin raqibga qarshi qiyin uchrashuv kutmoqda. Umid qilamanki, bu uchrashuv g‘alaba bilan yakunlanadi. «Milan» – toshyong‘oq. Shu mavsumdagi o‘zaro o‘yin haqida gapirsam, Pyanichning goli hisobga olinganida barchasi boshqacha kechgan bo‘lardi, deb o‘ylayman».

Massmiliano Allegri, «Yuventus» jamoasi bosh murabbiyi: «Biz yaxshi formadamiz, ammo buning o‘zigina bilan Italiya Superkubogi finalida g‘alaba kafolatlanmasligini yaxshi bilamiz. Biz «Milan»ning nimalarga qodirligini yaxshi bilamiz. Oktyabr oyidagi uchrashuvda mag‘lub bo‘lishimiz esa o‘yin hakami xatosi tufayli ro‘y bergandi. Superkubok uchrashuvini ham shunday bir xato hal qilib qo‘yishi mumkin»

Raqamlar gapirganda

Janluidji Buffon bugun «Yuventus» futbolkasida 600-uchrashuvini o‘tkazadi. Jidjining jamoa safidagi 599-uchrashuvi 200-marta darvozasi daxlsiz qolishi bo‘lgandi.
Italiya Superkubogi uchun «Milan» va «Yuve» faqat bir marta o‘ynagan. Bu uchrashuv 2003 yili Nyu-Yorkda o‘tkazilgandi. O‘shanda uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida tugagan,  penaltilar seriyasida esa turinliklar 5:3 hisobida zafar quchgandi.
Bugun bu jamoalar o‘zaro 279-marta o‘yin o‘tkazadi. Bu uchrashuvlarning 99tasi «Yuve» g‘alabasi bilan tugagan, 94 marta «Milan» g‘alaba qilgan (to‘plar nisbati bo‘yicha ustunlik «Milan» foydasiga 399:398).
«Yuve» 11 marta Italiya Superkubogi finalida o‘ynagan va 4 marta yutqazgan (1990, 1998, 2005, 2014), «Milan» esa bunday finallarda 9 marta maydonga tushib, 3tasida g‘alaba qozona olmagan (1996, 1999, 2003).

Qora libosli kishi

O‘yinni Antonio Damato boshqarib boradi, unga Rikkardo Di Fiore va Alessandro Djyalatini yordam beradi.

Taxminiy tarkiblar
«Yuventus»: Buffon, Kellini, Aleks Sandro, Bardzali, Lixtshtayner, Sturaro, Markizio, Xedira, Pyanich, Higuain, Dibala.
«Milan»: Donnarumma, Romanoli, Abate, Paletta, De Shilo, Lokatelli, Kutska, Bertolachchi, Nyang, Bakka.

Top