18:16 / 24.12.2016
6402

Shotlandiyaga kuchli dovul yopirildi

Foto: Reuters

Shotlandiya shimoliga “Barbara” dovuli yopirildi. Buning oqibatida 100 dan ortiq maktablar yopilgan. Xabar qilinishicha, elektr ta'minotida uzilishlar va transport bilan muammolar yuzaga kelgan. Bu haqda Bi-bi-si xabar bermoqda.

Bir necha tumanlarda shamol kuchi soatiga 128 kilometr tezlikni tashkil qilgan. Hukumat jumadan boshlab 8,5 ming bola tahsil oluvchi 120 dan ortiq maktabni yopib qo‘ydi. Edinburgda kuchli shamollar tufayli tomosha bog‘lari, shahar bozori va avliyo Endryu maydoni yopilgan.

Tabiiy ofat oqibatida 19 mingdan ortiq uy va idoralar chiroqsiz qolgan. Ular asosan Lyuis-end-Garris orolida joylashgan. Juma kuni esa poyezdlar harakati va aviaparvozlar qatnovi to‘xtab qoldi.

Ob-havo mutaxassislarining bashoratiga ko‘ra, yaqin bir necha kun ichida ba'zi tumanlarda shamol kuchi soatiga 144 kilometr tezlikni tashkil qilishi mumkin. Taxminlarga qaraganda, “Barbara” Shimoliy Irlandiya, shuningdek Uels va Angliyaning shimoliy tumanlariga ham zarar yetkazishi mumkin.
 

Top