17:32 / 24.12.2016
29832

Jinoyat va jazo: Tili boshqa-yu, dili boshqa...

Foto: Getty Images

Namangan viloyatida tug‘ilgan Abror Dadamirzayev, Davron Do‘smatov, Ismanxodja Kasimov, Ma'mur Ismoilov va Sodiq Rasulov umrlarining ayni navqiron damlarini xazonga aylantirishdi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, ular 2006 yildan buyon Rossiya Federatsiyasining Odintsovo tumani, Gusarskaya ballada qishlog‘iga borib, yollanma ishchi sifatida ishlab kelishardi. Boshida hammasi ko‘ngildagidek edi. Bu orada Qirg‘iziston Respublikasining Shamoldisoy qishlog‘ida yashovchi Nusratilla, aka-uka Ikrom va Ahmad Hojiyevlar, “Hamza”, Shokir (Salohiddin), tojikistonlik “Hoji aka”, Qo‘qon shahrida yashovchi Muzaffar ismli shaxslar saflariga kelib qo‘shildi-yu, ularning da'vatlari bilan tabiatlarida turli odatlar paydo bo‘ldi. Ular diniy ekstremistik oqimning yashirin tashkil etilgan jamoasi a'zolariga aylandilar. 

Ular bora-bora o‘sha qishloqchadagi xonadonlardan birida haftada ikki-uch marotaba yig‘ilib, diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi turli kitoblardan saboq ola boshlashdi. Bu guruhning bosh maqsadi O‘zbekistondagi mavjud konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib, yurtni o‘z chirkin g‘oyalari bilan boshqarishga qaratilgan, shu yo‘lga kirganlarni jamiki jirkanch va razil ishlardan ham tap tortmaslikka, oila, bola-chaqalaridan, hatto o‘z jonlaridan, voz kechishga tayyorlash edi. Keyinroq esa bu boradagi da'vatlar yozilgan disklarni tinglab, ularni muhokama qilish, saflarini kengaytirish haqida rejalar tuzish ular uchun odatiy holga aylandi.

S.Rasulov yashirin tashkilot a'zolari bilan birga samarqandlik sherigi Ikromning noutbuki yordamida internetdan diniy ekstremistik va separatistik tashkilot g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni olib, ularni o‘z telefonidagi elektron xotira moslamasiga ko‘chirar, bundan guruh yig‘inlarida foydalanar, mabodo, guruhga yangi a'zo kelib qo‘shiladigan bo‘lsa, ularga ham pinhona shu tasvir va materiallarni ko‘rsatib, o‘z da'vatlarini shu tarzda davom ettirardi. Albatta, har bir a'zo guruhga qo‘shilgach, qasamyod qabul qilar, shundagina u ishonchga kirgan hisoblanardi. Guruh a'zolari o‘z yashash manzillariga vaqtincha ketgan paytlari internetdagi turli tarmoqlar orqali yozishib, aloqa qilishardi.

Albatta, bu kabi tinchlik va osoyishtaligimizga rahna solishga intilayotgan yovuz kuchlarning kirdikorlari fosh etilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularga nisbatan tegishli tartibda jinoiy javobgarlik masalasi hal etilishi tayin.

Bu gal ham shunday bo‘ldi. Ushbu guruh a'zolari sud hukmi bilan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid
Top