15:53 / 26.12.2016
8783

Andijonda yangi qilichbozlik majmuasi foydalanishga topshirildi

Mamlakatimizda ko‘pgina sport turlari qatorida qilichbozlik sportiga, uni yanada rivojlantirish, yoshlar orasida ommaviylashtirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Buning uchun eng avvalo moddiy texnik bazani mustahkamlash, viloyatlarda seleksiya ishlarini kuchaytirish, murabbiylar saviyasi va mahoratini oshirish O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan ustivor vazifa sifatida belgilangan. 

Foto: Olympic.uz

Zero 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qilichbozlik federatsiyasi oldiga anchagina jiddiy vazifalar qo‘yilgan. 

Foto: Olympic.uz

Kuni kecha Andijon shahrida yangi qilichbozlik saroyi foydalanishga topshirildi. Majmua o‘z ichiga mashg‘ulotlar zali, mehmonxona, trenajyor zallarini olgan bo‘lib, bu yerda yoshlar sportning ushbu turi bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar muxayyo etilgan. 

Foto: Olympic.uz

 

Mashg‘ulotlar zalining maydoni 24X42 o‘lchamda bo‘lib unda sakkiztadan o‘ntagacha qilichbozlar maxsus yo‘lakchasini o‘rnatish imkoniyati bor, shuningdek 50 kishilik mehmonxona o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga tashrif buyuradigan sportchilarni qabul qilishga tayyor. 

Foto: Olympic.uz

Endi o‘z o‘zidan xaqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, mazkur majmua nega aynan Andijonda bunyod etildi? Birinchidan shu paytga qadar qilichbozlar uchun xalqaro standartlarga javob bera oladigan o‘quv mashg‘ulotlar bazasi deyarli yo‘q edi. Faqat poytaxtda qilichbozlar zali mavjud bo‘lib, bu butun Respublika bo‘yicha mahoratli sportchilarni tayyorlashga tabiiyki kamlik qilardi. 

Foto: Olympic.uz

Ikkinchidan Andijon viloyati o‘zbek sportiga bir qator iste'dodli qilichbozlar, jumladan London Olimpiadasi ishtirokchisi Ruslan Kudayev, Jamoaviy bahslar bo‘yicha Osiyo chempionlari - Javohir Nurmatov, Abdulbosit Nasriddinov, Sanjar Sobirov, Osiyo chempionatining ikki karra kumush medal sohibi Saidbek Djyeyenbayevlarni tarbiyalab bergan. 

Foto: Olympic.uz

Boz ustiga Andijon mamlakatimizdagi aholi eng zich joylashgan hududlardan hisoblanadi. Aynan shu jihatlar inobatga olinib qilichbozlik majmuasi shu yerda bunyod etildi. 

Foto: Olympic.uz

Majmuaning tantanali ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi vakillari, sportchilar hamda ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi. 

Foto: Olympic.uz

Yana bir yangilik. Hozirda poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zahiralari koleji hududida qilichbozlar uchun yana bir mashg‘ulot zali tayyorlanmoqda. Umid qilamizki sportning ushbu turini yanada rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan say'i harakatlar yaqin kelajakda o‘z mevasini beradi. Buning samarasi o‘laroq mamlakatimizdan yangidan yangi iste'dodlar yetishib chiqishadi va xalqaro maydonda, eng nufuzli musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishadi.

Top