14:19 / 26.12.2016
5510

Xitoyda ko‘mir shaxtasidagi halokat sabab 17 kishi qamoqqa olindi

Foto: AFP

Xitoy sud organlari Chuntsin munitsipalitetidagi ko‘mir shaxtasida ro‘y bergan halokat ishi bo‘yicha 17 gumondorni qamoqqa oldi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar bermoqda.

Laysu shahridagi xususiy ko‘mir shaxtasida 31 oktabr kuni portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa ro‘y bergan paytda 35 kishi yer ostida bo‘lgan, atigi ikki kishi qutqarib olindi. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, sud organlari shaxtaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgan 10 kishini, shuningdek mahalliy ma'muriyat va nazorat organlarida xizmat qiluvchi yetti kishini hibsga olish haqida qaror chiqarishgan. Yana bir shaxs uy qamog‘ida.

Avvalroq, dastlabki tekshiruv shaxtada eskirgan, foydalanishga yaroqsiz asbob-uskunalar ishlatilgani, oddiy havo alishtirish tizimining bo‘lmagani, shuningdek sog‘liq va ishlab chiqarish xavfsizligida jiddiy qoidabuzarliklar bo‘lganini aniqlagandi. Bundan tashqari, shaxta litsenziya bo‘yicha ruxsat berilgandan ko‘ra ko‘proq ko‘mir qazib chiqarish bilan shug‘ullangan.

Xitoy ishlab chiqarishda xavfsizlikni nazorat qilish bo‘yicha davlat bosh boshqarmasi shaxtadagi halokatdan so‘ng mamlakat ko‘mir konlarini ommaviy ravishda tekshiruvdan o‘tkaza boshladi. Mahkama ma'lumotlariga ko‘ra, barcha viloyatlar boshqarmalari hamda boshqa mahkama ostidagi organlarga 2017 yilning 25 yanvariga qadar o‘z nazoratlaridagi shaxtalar holati haqida hisobot taqdim etish majburiyati yuklangan.

Ma'lumot uchun, Xitoy tog‘-kon sanoati dunyodagi eng xavflilardan bo‘lib, har yili minglab konchilar halok bo‘ladi. Hukumat esa so‘nggi yillarda xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha ishlarni faollashtirdi.

 

Top