20:35 / 26.12.2016
24453

O‘zbekiston Qahramoni Tavakkal Topvoldiyev vafot etdi

Foto: O‘zA

Mamlakatimiz jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Tavakkal Temirovich Topvoldiyev 82 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

T.Topvoldiyev 1934 yil 10 sentabrda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida ishchi oilasida tug‘ildi. 1957 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Ko‘p yillar davomida Andijon viloyati sug‘orish tarmoqlari tizimida samarali mehnat qildi. 1965-1985 yillar mobaynida Bo‘z, Ulug‘nor, Jalaquduq tumanlarida birinchi rahbar lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 1985-1996 yillarda Andijon viloyatida turli mas'ul vazifalarda ishladi. 1996 yildan umrining oxiriga qadar O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi bo‘lib xizmat qildi. 

T.Topvoldiyev qariyb oltmish yillik mehnat faoliyati davrida viloyat hududlari, tarmoq va sohalarini rivojlantirish hamda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shdi. Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab viloyatda mamlakat ahamiyatiga ega bo‘lgan yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.

"Nuroniy" jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi sifatida viloyatda urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini ta'minlashda o‘zining tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlarini namoyon etdi.

T.Topvoldiyevning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U "Do‘stlik" va "El-yurt hurmati" ordenlari hamda O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.

Mavzuga oid
Top