00:24 / 28.12.2016
28305

Hindistonlik kambag‘al ayol bir zumda milliarderga aylandi

Foto:Getty images

Hindistonning Meratx shahrida yashovchi ayol mamlakat bosh vaziri Narendra Modidan xatolik tufayli uning bank hisob raqamida paydo bo‘lgan milliard rupiy bilan nima qilishda maslahat berishni so‘radi. Bu haqda The Financial Express nashri xabar bermoqda

Shital Yadav ismli bu ayol fabrikada qadoqlash bo‘limida ishlab, oyiga 5 ming rupiy maosh oladi. 18 dekabrda u bank kartasidan pul yechayotganda o‘z hisob raqamida milliard rupiy borligini aniqlagan. Ayol o‘z ko‘zlariga ishonmay, bankomatga navbatda turgan qo‘shnisidan ulkan sonni (999999394) o‘qib berishni so‘ragan. Qo‘shnisi uning kartasida milliard rupiy borligini tasdiqlagan. Ayol bank kartasini boshqa bankomatga tiqqanda ham u avvalgi summani ko‘rsatgan.

Ayol bankka murojaaat qilgan. Ikki kun davomida uning shikoyatini qabul qilishdan bosh tortishgan. So‘ngra ayolga ayni vaqtda yo‘q bo‘lgan boshqaruvchi bilan uchrashish uchun bir kundan keyin kirishni aytishgan. U bankka yana kelganda bank xodimlari unga yana boshqa bir bahona qilishgan.

Shundan keyin Yadav eri bilan Hindiston bosh vaziriga xat yozishga qaror qilgan. Ularning aytishicha, bunday katta summa ularga tegishli bo‘lishi mumkin emas. 50 ming rupiydan ko‘p saqlab bo‘lmaydigan hisob raqamda milliard rupiy paydo bo‘lgani ham xatolik bo‘lganidan darak beradi. Ayol Modidan buni hal qilib berishni iltimos qilgan.

 

Top