16:58 / 28.12.2016
6725

Statistika organlari tomonidan barcha hisobotlar faqat elektron ko‘rinishda kabul qilinmoqda

2016 yil 28 dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida “Mustaqillik yillarida davlat statistika tizimida ilg‘or xalqaro metodologiyani joriy etish hamda tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, xususiy tadbirkorlikka keng imkoniyatlar berish, mamlakat hayotida uning rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan keng miqyosli chora-tadbirlar natijasida, yuridik maqomga ega bo‘lgan kichik biznes sub'yektlari soni 2000 yildagi 125,6 mingdan 2016 yilda 207,1 mingtaga ko‘paydi.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sub'yektlari uchun davlat statistika hisobotlarini taqdim etish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida bepul taqdim etiladigan «eStat 2.0» statistik hisobotlarni elektron ko‘rinishda yig‘ishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi.

Natijada, 2011 yilda respondentlarning atigi 4 foizi elektron ko‘rinishda hisobot topshirgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib bu raqam 98,4 foizga yetdi, 2015 yildan esa statistika organlari tomonidan barcha hisobotlar faqat elektron ko‘rinishda kabul qilinmoqda.

Shuningdek, statistika organlari tomonidan oxirgi besh yilda 10 ta axborot tizimlari ishga tushirildi. 2016 yildan boshlab, davlat statistika organlari tomonidan jahon amaliyotida umumqabul qilingan Yalpi ichki mahsulot tuzilmasi hisobi uslubiyotini joriy etish va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni Faoliyatning xalqaro standart tasniflagichi asosida shakllantirishni ta'minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Buning natijasida, tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish hamda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning statistik va tahliliy ko‘rsatkichlarini taqqoslash bo‘yicha yengilliklar yaratiladi.

Mavzuga oid
Top