09:52 / 29.12.2016
26324

Tarixdagi ilk kinoseans qanday bo‘lgan?

28 dekabr Xalqaro kino kuni sifatida nishonlanadi. Aynan shu kuni 1895 yili Parijdagi kafelardan birining kichik xonasida aka-uka Lyumerlarning sinematografi birinchi namoyishi bo‘lib o‘tdi.

1895 yili parijliklarni Rojdestvodan so‘ng yana bir quvonchli voqea kutib turgandi – dunyodagi birinchi kinonamoyishi. Fransiya poytaxti ko‘chalarida bunga bir necha kun qolganda katta afishalar paydo bo‘ldi. Rasmlarda o‘rindiqlarga ega bo‘lgan kichik zal va undagi katta yoshdagi kishilar hamda bolalar tasvirlangan. Ular hayrat va quvonch bilan ekranlarga tikilib o‘tirishardi. Bu holat aka-uka Lyumerlarning sinematografi sabab yuz bergan.

Foto: © Wikipedia / By Marcellin Auzolle (1862-1942)

28 dekabr kuni kishilar o‘zlari uchun yangi bo‘lgan bu so‘z nimani anglatishini tushunishdi. Kaputsinlar bulvaridagi 14-raqamli uyda joylashgan “Grand-kafe”da kishilar yig‘ilishdi. Kirish narxi - 1 frank. O‘sha kecha aka-uka Lyumerlar atigi 35 foiz tomoshabinni yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi. Biroq bir hafta o‘tib Lyumerlarning sinematografini ko‘rish istagida bo‘lganlar soni o‘n baravarga ortib ketdi. “Grand-kafe” oldida katta navbatlar paydo bo‘ldi.

Aka-uka Lyumerlar xonada oq to‘g‘ri burchakli polotno osib qo‘yib, qarama-qarshi devorda shtativdagi qutini joylashtirishdi – bu ular “kinematograf” deb atagan qurilma edi. Barcha tomoshabinlar o‘z o‘rinlariga joylashib olgach, chiroq o‘chirildi va polotno (ekran) nurga to‘ldi. Bir necha soniyalar o‘tib unda Liondagi Belkur maydonining surati tasviri paydo bo‘ldi. Undagi surat harakatga kelmadi, tomoshabinlar esa ularni aldashgan, deb hisoblashdi. Biroq aka-uka Lyumerlar qurilmalarini buray boshlagach, aravali ot yugura boshladi, u bilan esa barcha kishilar ham harakatga kelishdi.

Tomoshabinlar qarsak chalib, kulib yuborishdi. O‘sha kecha o‘nta hujjatli film namoyish etildi. Har bir rolikning davomiyligi 30-50 soniya edi. Birinchi seans dasturiga noodatiy nomga ega filmlar kirgan: “Lyumerlar fabrikasidan ishchilarning chiqishi”, “Chavandozlik mashqlari”, “Tilla baliqchalarni tutish”, “Deputatlarning Liondagi fotokongressga kelishi”, “Suv sepuvchi”, “Chaqaloqning nonushta qilishi”, “Brezent uzra sakrash”, “”Liondagi Kordele maydoni”, “Dengizda cho‘milish”.

"Lyumerlar fabrikasidan ishchilarning chiqishi”

Ovozsiz film 1895 yilning martida Liondagi aka-uka Lyumerlar fabrikasi darvozasi oldida tasvirga olingan. Kartina oddiy sahnadan iborat – unda asosan ayollardan iborat bo‘lgan ishchilar zavodni smenadan so‘ng tark etayotgani ko‘rsatilgan. Filmning uchta nusxasi bor. Jurnalistlar kartinalarga turlicha izoh berishgan: masalan, ishchilarning kiyimlari har xil bo‘lgan, bir nusxada ekipaj chiqib kelgan bo‘lsa, boshqasida – it yugurib o‘tgan.

“Chavandozlik mashqlari”

Ikkinchi kartina ot sportiga o‘rgatish jarayonini aks ettirgan. Yosh yigit bir necha bor otga o‘tirishga hamda mashqlarni bajarishga urinib ko‘radi, biroq bu unda yaxshi chiqmaydi. Finalda u baribir buning uddasidan chiqdi.

“Tilla baliqchalarni tutish”

Bu film aka-uka Lyumerlardan biri – Ogyust – kadrda o‘zining kichik qizi bilan paydo bo‘ladi. Erkak qizni akvarium oldida ushlab turibdi, u esa suzayotgan baliqchalarni tutish harakatida.

“Deputatlarning Liondagi fotokongressga kelishi”

Bu kinotasmada fotosuratchilik jamiyatining Liondagi kongressi ishtirokchilari tasvirchini tabriklashmoqda, ba'zilar esa uni suratga olishga harakat qilgan. Hozirgi kunda tasvirga olish ishlari o‘tkazilgan yerda maxsus xotira lavhasi o‘rnatilgan.

“Temirchilar”

Filmda temirchilardan biri bolg‘a bilan temirni urmoqda, uning hamkasbi esa nasosni burash bilan ovora. Shundan so‘ng kadrda uchinchi inson paydo bo‘lib, temirchilardan biriga suv quyib bermoqda.

“Suv sepuvchi”

Lyumerlarning eng komik filmi. U komediya tryuklariga asos solib bergan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hech narsadan xabari yo‘q bog‘bon gullarga suv sepmoqda, uning yoniga o‘smir asta-sekin kelib, rezina ichakka oyoq bosadi va suv kelishdan to‘xtaydi. Ajablangan bog‘bon ichak ichiga qarashi bilan o‘smir o‘z oyog‘ini olib tashlaydi hamda suv katta bosim bilan erkakning yuziga kelib uriladi. Filmdagi bog‘bon – haqiqatdan ham Lyumerlar oilasi yerida ishlagan bog‘bon bo‘lib, bebosh o‘smir rolini xizmatkorlardan birining farzandi o‘ynagan. Ushbu lavha keyinchalik boshqa kinematografchilar tomonidan qayta-qayta takrorlangan.

“Chaqaloqning nonushta qilishi”

Kadrda yana Ogyust Lyumer qizi Andre bilan paydo bo‘ladi. Bu safar ularning safiga ixtirochining rafiqasi Margerit ham qo‘shildi. Er-xotinlar nonushta qilib, chaqaloqning ko‘nglini ovlash bilan bandlar.

“Brezent uzra sakrash”

Filmda o‘t o‘chirish xizmati xodimlarining mashqlari ko‘rsatilgan. Ularni yugurib kelib brezentga sakrashga o‘rgatishmoqda.

“Liondagi Kordele maydoni”

Aka-uka Lyumerlar kunning eng qizg‘in pallasida shahar maydonini suratga olishga qaror qilishdi. Unda ekipajlar o‘tib turishi va kishilarning shoshilib yurganini ko‘rish mumkin.

“Dengizdagi cho‘milish”

Aka-uka Lyumerlar shahardan tashqariga chiqib, yakkacho‘pdan suvga sakrayotgan kishilarni tasvirga olishgan.

Sinematograf aka-uka Lyumerlarning birinchi kinonamoyishidan so‘ng

Lyumerlar sinematografning kishilar tomonidan juda ham katta qiziqish bilan qabul qilinishidan havolanib ketishmadi. Ular o‘z ixtirolarining tijoriy jihatdan omadli bo‘lishiga ishonishmagan va albatta, u hozirgi kunda milliardlab dollar aylanadigan juda katta sanoatga aylanishini xayollariga ham keltirishmagan. Shuning uchun aka-ukalar o‘z vakillarini dunyoning boshqa davlatlariga jo‘natishgan. Ular esa borgan joylarida kinoseanslar o‘tkazishgan. Ularning vakillari London, Nyu-York, Bombey va Peterburgda bo‘lib qaytgan.

 

Top