10:43 / 29.12.2016
14879

Tramp Barak Obamaning xatti-harakatlari borasidagi fikrini o‘zgartirdi

Foto: AP

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp mamlakatning amaldagi rahbari Barak Obamaning hukumatni topshirish jarayonidagi xatti-harakatlari borasida o‘z fikrlarini o‘zgartirdi. U bu holat bir tekisda o‘tayotgani haqida ma'lum qildi, deb xabar beradi Assoshieyted Press.

Avvalroq, Tramp vazifasini tark etayotgan prezidenti Barak Obama hukumatni topshirish jarayoni “silliq” o‘tishini ta'minlamayotgani haqida aytib, bu unga to‘siqlar yaratayotganini ma'lum qilgandi. Bo‘lajak prezident o‘zining Twitter’dagi sahifasida “prezident O (Obama – tah.)ning ko‘plab fitna keltirib chiqaruvchi bayonotlari va to‘siqlariga e'tibor bermaslikka harakat qilayotgani” haqida yozdi.

Tramp keyinroq jurnalistlarning bu boradagi savollariga javob berarkan: “O‘ylashimcha, juda, juda ham silliq. Juda yaxshi. Siz bunday deb hisoblamaysizmi?”, deya aytib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, demokrat Obama respublikachi Trampni saylovoldi kampaniyasi davomida jiddiy tanqid ostiga oldi. Biroq milliarderning saylanganidan keyin unga hukumatni topshirishda yordam ko‘rsatishini va'da qildi. Oq uyning xabar qilishicha, Obama va Tramp Oq uyda noyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan tashqari, bir necha bora telefon orqali muzokaralar o‘tkazishgan. 

Top