16:30 / 30.12.2016
97685

“2016 yil yo‘qotishlari”: ular ketdi, nomlarin tarix toshiga yozib...

Inson umrini yonib uchuvchi shamga qiyos etishadi. Har kimning bu yorug‘lik manbasi turlicha etib, taqdirda bitib qo‘yilgan. Hech kim o‘zi uchun belgilangan umr hisobini ortiq ham, kam ham yashamaydi. 

O‘tayotgan 2016 yil siyosat, madaniyat, iqtisod, sport va boshqa ko‘plab sohalarda ko‘zga ko‘ringan shaxslarning vafot etgani bilan ham yodga qoldi. Shu o‘rinda aytish lozimki, ular o‘z yo‘nalishlarining darg‘alari edi. Yakunlanib borayotgan yilda ana shu yo‘qotishlarni yodga olishga qaror qildik.

Abdumo‘min O‘tbosarov. O‘zbekiston Xalq artisti, oliy toifali diktor Abdumo‘min O‘tbosarov 1 yanvar kuni vafot etdi. U 1960 yilning 24 aprel kuni tavallud topgan bo‘lib, uzoq yillar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida suxandonlik qilgan. Abdumo‘min O‘tbosarov O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi diktorlar orasida o‘ziga xos qobiliyati, ovozi va kasb mahorati bilan ajralib turar edi. Ushbu diktorning o‘z ishiga mas'uliyati, kasbini sevishi va umuman yuksak insoniylik fazilatlari hamkasblari tomonidan e'tirof etib kelingan va bu hamon davom etmoqda. Gapimizning misoli tariqasida 26 dekabr kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Xalq artisti Abdumo‘min O‘tbosarov xotirasiga bag‘ishlangan maxsus tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshev qalamiga mansub “Mo‘minga begona bahor” nomli kitobi taqdim etildi.

Baxtiyor Qosimov. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Qosimov 7 aprel kuni 63 yoshida olamdan o‘tdi. Baxtiyor Qosimov "Olovli yo‘llar", "Tahdid", "Zarb", "Gumrohlar", "Sardor 3", "Parizod", "Uchar otlar", "Yodgor" kabi jami 37ta filmdagi rollari orqali o‘zbek kinotomoshabinining mehrini qozongan. U 2013 yilda "Bog‘" filmidagi ijrosi uchun "Oltin Gepard" mukofotini olgan. “Teatrdagi eng katta armonim “Hamlet” obrazini gavdalantira olmaganim”, degan edi marhum aktyor. U o‘zining yorqin rollari orqali o‘zbek kinosan'atida o‘chmas iz qoldirgan aktyorlardan biri hisoblanadi. Baxtiyor Qosimov yetishtirgan shogirdlar bugun o‘zbek teatri va kinosi rivojiga ustozlaridan olgan yuksak bilim va mahoratlari bilan hissa qo‘shishmoqda.

Prins. Jahonga mashhur qo‘shiqchi Prins o‘zining Minneapolis yaqinidagi Peyshli park turar-joy mulkida o‘lik holda topildi. Uning mudhish o‘limi dunyo ommaviy axborot vositalarining diqqat markaziga tushdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qo‘shiqchi opioid preparatni tasodifiy oshirib yuborishi natijasida vafot etgan. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, artistning o‘limiga fentanil sabab bo‘lgan. Berilgan ma'lumotda fentanilning qanday holatda qabul qilinganiga oydinlik kiritilmagan - dorini shifokor tavsiya qilganmi yoki u noqonuniy ishlab chiqarilganmi - bunisi hozircha noma'lum. U 21 aprel kuni hayotdan ko‘z yumdi.

Erkin Vohidov. O‘zbekiston Xalq shoiri, dramaturg, jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov 30 may kuni olamdan o‘tdi. Bu inson haqida juda ko‘plab maqolalar, kitoblar, taqrizlar yozish mumkin. Uning ham insoniylik, ham ijodkorlik hislatlarini qancha e'tirof etsa, shuncha oz. Mustabidlik davrida mardonavor tarzdao‘z eli, xalqini mustaqil ko‘rishni istagan va bu haqda o‘z she'rlari hamda dostonlarida baralla aytgan shoir xotirasi avlodlar yodida doim abadiy.

Muhammad Ali. Nafas olish bilan bog‘liq muammo sababli shifoxonaga yotqizilgan afsonaviy bokschi Muhammad Ali 3 iyun, juma kuni AQShda 74 yoshida vafot etdi. Muhammad Ali 1960 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi va og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni (1964-1966, 1974-1978) hisoblanadi. Bundan tashqari, Ali boksdagi 21 yillik faoliyati davomida og‘ir vaznda uch karra jahon chempioni bo‘lgan. U professional ringda 61 jangni olib borib, 56 jangni g‘alaba bilan yakunlagan, bulardan 37tasida nokaut qayd etilgan, 5 martagina mag‘lub bo‘lgan. Muhammad Ali 32 yil davomida Parkinson kasalligidan aziyat chekkan.

Maykl Chimino. “Oskar” sohibi bo‘lgan rejissyor Maykl Chimino olamdan o‘tdi. Chimino faoliyati boshida telereklama bilan shug‘ullangan va ssenariylar yozgan. 1974 yilda mustaqil ravishda o‘zining ilk filmi – “Baqiroq va Tezoyoq”ni suratga olgandi. Unda bosh rolni Klin Itsvud ijro etgan. Marhumning ikkinchi kartinasi “Kiyiklar ovchisi” filmi Vetnam urushi voqealarini hikoya qiladi. Bu filmda bosh rolni Robert de Niro gavdalantirgan. Bu film beshta “Oskar”ga loyiq ko‘rilgan. Shunisi diqqatga sazovarki, Maykl Chiminoning ko‘plab kartinalari Kann festivalida ham taqdim etilgan. Ijodkor 3 iyul kuni yorug‘ dunyo bilan vidolashdi.

Islom Karimov. 2 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 78 yoshida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentabrda Samarqand shahrida dafn etildi. O‘zbek xalqi chidamli, bardoshli, sabrli eldir. Bunga tarixning o‘zi guvoh. Asrlar davomida pishib mustahkamlangan mazkur hislat dunyodagi biror bir elatda, millatda uchramaydi. Buni o‘z yurtboshisidan ayrilgan va buni ulug‘ sabot ila qarshi olgan o‘zbekning yuz ifodasidan anglash mumkin edi. Xalqini hurriyat sari dadil yetaklab borgan, qanchadan qancha tashvishli, bo‘hronli kunlarni boshidan o‘tkazgan, o‘zbek deya yashagan bu insondan ayrilish o‘zbek xalqi uchun oson bo‘lmadi. Ammo yuqorida aytib o‘tganimiz chiroyli sabr ila millat o‘z otasini so‘nggi manzilga munosib kuzatdi.

Rama IX. Tailand qiroli Pumipon Adulyadet (Rama IX)13 oktabr kuni 88 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu kun tailandliklar uchun juda og‘ir, alamli va ko‘z yoshlarga to‘la kun bo‘ldi. Yuz minglab tailandlik ko‘chalarga chiqib, o‘z qiroli bilan xayrlashishdi. Vidolashish marosisi Bangkok ko‘chalarida ommaviy tarzda bo‘lib o‘tdi. Har bir xalqning o‘z rahnamosi, yo‘lboshchisi bo‘ladi. Odamlar unga ko‘rib ham, ko‘rmay ham g‘oyibiy ko‘ngil qo‘yadi. Qirol Rama IX tailandliklar uchun ham ana shunday mavqega ega edi.

Melis Abzalov. Bu yil o‘zbek kinochiligi uchun haqiqatda og‘ir keldi. Yuqorida nomi zikr qilingan Baxtiyor Qosimovdan ayriliq dog‘i hali qalblardan o‘chmasi, o‘zbek kinosining yana bir darg‘asi, «Chinor ostidagi duel», «Suyunchi», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Armon», «Maysaraning ishi», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «O‘tgan kunlar», «Chimildiq» va boshqa filmlarning rejissyori Melis Abzalov 25 oktabr kuni 78 yoshida vafot etdi.

Abdulla Oripov. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov 5 noyabr kuni olamdan o‘tdi. “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, deb kuylagan va bu savoliga o‘z diyorining har bir qarichidan javob izlagan shoirning abadiy olamga qilgan sayohati odamlarning yuragini yana bir bor larzaga soldi. O‘limning haqligi, uni oniy lahzalarda tashrif buyurishi va o‘z vazifasini astoydil amalga oshirishiga yana bir bor ayon bo‘ldi. Ha, o‘zbek xalqi 2016 yilda juda og‘ir yo‘qotishlarga uchradi, aziz boshlarni aziz tuproqqa qo‘ydi. Elim deb, yurtim deb yashagan yana qachadan qancha farzandlar bu dunyodan ko‘z yumdi. Ularning xotirasi har safar yodga olinganda dil uvishadi, ko‘zda yosh g‘iltillaydi. Alloh ularning barchasini ruhlarini shod, borar joylarini jannatdan qilsin. Ortlarida qolgan farzandlar, shogirdlarga esa sabru jamil ato etsin. 

Fidel Kastro. 2016 yil 25 noyabr sanasi Kuba respublikasi tarixida qora satrlar bilan qayd etiladi. Davlat va siyosat arbobi, hozirgi Kuba davlati asoschisi Fidel Alexandro Kastro Rus dunyodan ko‘z yumdi. Fidel Kastro Kuba davlatchilik tarixida tub burilish yasagan, kubaliklar ijtmoiy hayotida muhim bosqich yasab bergan arbob edi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Kubada motam e'lon qilgan Kastro tarixning uchmas zarvaraqlaridan joy oldi. Uning nomi kubaliklar qalbida mangu yashaydi.

Shuningdek...
14 mart kuni xonanda Shahnozabonu 42 yoshida, 16 mart kuni rossiyalik taniqli shoir Sergey Yeseninning o‘g‘li bo‘lgan, dissident, shoir, inson huquqlarini himoya qilish harakati faoli, faylasuf va matematik Aleksandr Yesenin-Volpin 91 yoshida, 1 aprel kuni «Bi-bi-si» tomonidan 1965-1968 yillarda suratga olingan Sherlok Holms haqidagi serialda bosh qahramon obrazini yaratgan Duglas Uilmer 96 yoshida, 13 iyun kuni taniqli dublyaj rejissyori Matyoqub Orziyev, taniqli haykaltarosh Ernst Neizvestnyy Nyu-Yorkda 92 yoshida, 29 avgust kuni Meksikalik taniqli bastakor va qo‘shiqchi Xuan Gabriel 67 yoshida, 30 avgust kuni amerikalik aktyor Jyerom Silbermen, Jin Uaylder taxallusi bilan ijod qilgan komedik Stamford shahridagi (Konnektikut shtati) uyida, 83 yoshida, 26 sentabr kuni «Golf qiroli» Arnold Palmer 87 yoshida, 13 oktabr kuni Italiyalik yozuvchi, dramaturg, rejissyor, aktyor, rassom, taniqli davlat arbobi, adabiyot bo‘yicha 1997 yilgi Nobel mukofoti sohibi Dario Fo 90 yoshida, 3 noyabr kuni Mashhur rossiyalik sirk masxarabozi Oleg Popov 87 yoshida, 11 noyabr kuni Los-Anjyelesda kanadalik musiqachi Leonard Koen 82 yoshida, 12 noyabr kuni amerikalik aktyor Robert Von 83 yoshida, 19 noyabr kuni Milliy musiqa sanatimiz rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan O‘zbekiston xalq Hofizi, “Do‘stlik” ordeni  sohibi Ismoiljon Vahobov, 5 dekabr kuni O‘zbek adabiyoti yana bir judolikka uchradi. 4 dekabr tongda taniqli yozuvchi, dramaturg Erkin Usmonov, 20 dekabr kuni Fransiyalik afsonaviy aktrisa Mishel Morgan 96 yoshida, 26 dekabr kuni Mamlakatimiz jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Tavakkal Temirovich Topvoldiyev 82 yoshida vafot etdi.

Bu ro‘yxatni yanada davom ettirish mumkin. Gap bunda emas. O‘lim har bir tirik jonni mavh etuvchidir. Yuqorida nomi zikr etilgan shaxslar o‘z zamonasining, o‘z sohasining yetuk vakillari edi. Ularning yorqin xotirasi avlodlar yodida mangu yashaydi. Shu o‘rinda o‘zbek shoiri, "Shuhrat" medali sohibi Botirjon Ergashevning "Ey 2016 yil"she'rini e'tiboringizga taqdim etamiz.

Ey, ikki ming o‘n oltinchi yil,
Buncha oqsan, buncha qorasan?
Gohi sendan baxtiyor har dil,
Goho qon yig‘latib borasan!

Bilolmayman sen do‘stmi, raqib,
Dilga quvonch ham qayg‘u solding!
Ko‘ksim uzra "Shuhrat"ni taqib,
Ustoz Erkin Vohidni olding!

Charaqlatding ko‘nglimiz butlab,
Hurlik degan quyoshimizni.
Bizni chorak asr-la qutlab,
Olib ketding Yurtboshimizni.

Er yigitlar berishib va'da,
Yutdi, ummon ortiga borib.
Ular oltin olgan qit'ada,
Jon topshirdi Abdulla Orif.

Ko‘nglimizga sig‘mayapti qil,
Gul otish, ham o‘q otish bo‘lding!
Ey, ikki ming o‘n oltinchi yil,
O‘nglab bo‘lmas yo‘qotish bo‘lding!

Top